O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tasanno sizga, Vatan sharafini yuksaltirgan sportchilar

2016-08-24 | Sport

“Rio – 2016”dan olimpiadachilarimiz Vatanimizga 4 oltin, 2 kumush, 7 bronza medalni olib keldi

Tasanno sizga, Vatan sharafini yuksaltirgan sportchilar

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilarimiz mamlakatimizga qaytib keldi. 23-avgust kuni Toshkent aeroportida ushbu nufuzli musobaqa g‘oliblari, sovrindorlari va ishtirokchilari tantanali kutib olindi. 

Shu munosabat bilan bu yerga davlat va jamoat tashkilotlari, jamoatchilik vakillari, sportchilar, olimpiadachilarning ota-onalari va yaqinlari, jurnalistlar jam bo‘ldi.


...Sportchilarimiz o‘tirgan samolyotning qo‘nishiga hali vaqt bor. Dasta-dasta gul ko‘targan yurtdoshlarimiz hayajonda, quvonchining cheki yo‘q. Ayniqsa, Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lib Vatanimiz dovrug‘ini olamga yanada keng taratgan sportchilarimizning ota-onalari, yaqinlari behad mamnun. 

“Barakalla ota o‘g‘il, bopladingiz!”. O‘g‘li Hasanboyni bag‘riga mahkam bosib shunday deyishni diliga tukkan, farzandi bilan bo‘lajak diydor onlarini intiqlik bilan kutayotgan Ma’rufjon Hayitboyevni suhbatga tortamiz: 

– Hayajonlanayapman, etim jimirlab ketayapti, o‘g‘lim chempion, axir! – deydi Ma’rufjon aka. – O‘g‘limning g‘alabasi nafaqat qishlog‘imiz ahlini, balki butun O‘zbekiston xalqini ruhlantirib yubordi. Bolam, maqtanishga yo‘ymang-u, farzandlarim, ayniqsa, Hasanboyning Vatanimiz dovrug‘ini olam uzra tarannum etayotganidan, el-yurtimizga xizmat qilayotganidan ich-ichimdan faxrlanaman. Sportchilarga doimo g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimiz va xalqimiz ishonchini oqlaganidan behad xursandman. Agar muborak istiqlol bo‘lmaganida o‘g‘lim Shirmonbuloqdagi tomoshalardan nariga o‘tolmasdi. Uning g‘alabasi mamlakatimizda sport, ayniqsa, bolalar sportiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir. 

...Soat 21:00. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining sportchilarimiz o‘tirgan maxsus avialayneri Toshkentga qo‘ngani e’lon qilinadi. Orziqib kutilgan lahzalar yetib keldi. Butun dunyo nigohi qadalgan Rio maydonlarida O‘zbekiston nomini sharaflarga burkagan sportchilarimiz davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘targan holda ona Vatan zaminiga qadam qo‘yadi. Karnay-surnay sadolari yangraydi. Lobar qizlar ularga gullar taqdim etadi. 

Tantanali marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston xalq artistlari E.Komilov, O.Nazarbekov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, taekvondo bo‘yicha jahon chempioni D.Xoljigitova, Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘stmatovning onasi D.Hayitboyevalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan keng sharoitlar yuksak samaralar berayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston sport olamida yangi sahifa ochgan olimpiadachilarimizni ushbu yuksak g‘alabalar bilan tabrikladi. O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid olimpiadachilarimiz g‘alabasiga bag‘ishlangan she’rini o‘qidi. 

G‘olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so‘zga chiqqan Hasanboy Do‘stmatov, Ruslan Nurudinov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oyibnazarov, Bektemir Meliqo‘ziyev bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. Kelgusida bundan-da yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishga va’da berdi. 

– Bizni bunday katta tantana bilan kutib olishganidan xursandmiz, – deydi XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari kumush medali sohibi Shahram G‘iyosov. – Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik bizning kelajakda yanada yuksak muvaffaqiyatlarga erishishimizda quvvat bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, butun xalqimizni mustaqilligimizning 25-yillik bayrami bilan tabriklayman. 

– Yoshlarga yuksak ishonch bildiradigan, biror nufuzli musobaqaga ketsa tantanali kuzatib, bayram qilib kutib oladigan mamlakat dunyoda kam. Hozir quvonchdan terimga sig‘may ketayapman. Hammasi uchun rahmat, – deydi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi Diyorbek O‘rozboyev. – Olimpiada nafaqat men uchun, balki butun terma jamoamiz uchun omadli bo‘ldi. Biz, yoshlarning qo‘lga kiritayotgan bunday yutuqlarimiz mustaqilligimiz sharofati, Prezidentimizning mehr-e’tibori, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufaylidir.
 
10.JPG 

Sportchilarimizning samimiy dil so‘zlarini tinglab, o‘ziga ishonchi mustahkamligini his qilib, dadil harakatlarini kuzatib, ota-onalarning ko‘zlarida quvonch yoshlarini ko‘rib shunday ozod va obod Vatan farzandi ekanidan kishining qalbi cheksiz iftixorga to‘ladi. O‘g‘il-qizlarimizning xayolidan “Men ham mana shu akalarim, opalarimdek bo‘lsam, ota-onam, yaqinlarim, Prezidentimiz, xalqimiz menga ham shunday ishonch bildirsa, “Bolalarim, mening farzandlarim! Marrani doimo baland olib yashang. Ertangi kun bizniki, sizdek shijoatli yoshlarniki”, deb qo‘llab-quvvatlab tursa, bundan ortiq baxt bormi?!”, degan orziqishnamo o‘y o‘tadi. 

Xayolga tolasan kishi. Nega 25-30-yil ilgari bitta-ikkita adashib chiqib qolgan sportchini inobatga olmasak, qolgan iste’dodlarimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, To‘ytepadan nariga o‘tolmagan, ovozi ikki daryo oralig‘ida qolib ketgan? Nima, asrlar davomida jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘nlab allomalar, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi singari buyuk sarkardalar, kuragi yerga tegmagan Pahlavon Mahmuddek polvonlarni tarbiyalagan xalq birdaniga iste’dodsiz bo‘lib qolganmi? Yo‘q, albatta. O‘zbekiston zamini hamisha iste’dodlarga boy bo‘lgan. Buni ko‘hna tarix bot-bot isbotlaydi. 

Yomg‘ir bilan quyosh nuri uyg‘unlashmasa, kamalak yog‘du sochmaydi. Oftob ko‘rmagan nihol ko‘kka bo‘y cho‘zmaydi... Inson ham shunday: ozod bo‘lsagina buyuk maqsadlar bilan yashaydi, taraqqiyot bilan hamqadam bo‘ladi. Buning ustiga, Prezidentimiz aytganidek, parvoz uchun zarur maydon, qanot bo‘lsa-chi?! Ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda iste’dodlar hammani hayratga solib yuzaga chiqaveradi. G‘oliblar, chempionlar yetishaveradi. 

...Olimpiada g‘olib va sovrindorlari, ishtirokchilari, ularning ota-onalari va yaqinlari kabrioletnamo usti ochiq avtobusga o‘tirib ketma-ket yo‘lga chiqadi. Muzaffar sportchilarimizni atay kutib olish uchun yig‘ilganlarning adog‘i ko‘rinmaydi. Ular yo‘l chetida turnaqator tizilib sportchilarimizni qo‘llaridagi bayroqchalarni o‘ynatgan holda tarixiy g‘alaba bilan qutlaydi. Cheksiz iftixorga to‘la hayqiriqlar, olqishlardan etingiz allaqanday jimirlab ketadi. Shahrimiz aholisining yonib turgan ko‘zlari, gulgun chehrasi olamni o‘ziga mahliyo aylagan yurt fuqarosi ekanidan faxrlanayotganini ifodalaydi. Tasanno sizga, Vatan sharafini yuksaltirgan sportchilar! 

“Rio – 2016”da Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilgan sportchilarimiz minglab kutib oluvchilar hamrohligida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga yetib keladi. Karnay-surnay sadolari yangraydi. Yorqin g‘alabalari bilan butun xalqimizni xushnud etgan sportchilarimizga zar to‘n kiydirildi. 

Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan har tomonlama barkamol, hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni voyaga yetkazish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi etib belgilandi. Jismoniy tarbiya va sport umummilliy harakatga aylandi. Barcha sohalar qatori sport ham jadal rivojlandi. 

An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari yoshlarni sportga keng jalb etish, professional sportchilarni tarbiyalashda alohida o‘rin tutmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan dunyo miqyosida kuzatilmagan mutlaqo yangi tizim – Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining tuzilgani bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, yangi bosqichga ko‘tarish va izchil davom ettirishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Mutlaqo yangicha asosda bunyod etilgan ta’lim-tarbiya, sport va madaniyat maskanlarida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, O‘zbekistonning buyuk kelajagini o‘z kuch-quvvati, o‘z aql-zakovati bilan quradigan yosh avlod kamol topmoqda. Ular nufuzli xalqaro musobaqalarda, olimpiada va jahon chempionatlarida hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini amalda isbotlayotgani barchamizni quvontiradi. 

Ilgari xalqimiz tilida “chekka qishloq”, “olis hudud” degan “atama”lar bo‘lardi. Manzarasi ham shunga monand: chang ko‘chalar, pastqam, loysuvoq uylar. Sharoitini-ku aytmasa ham bo‘laveradi. Bugun “chekka hudud” degan atama yozma va og‘zaki nutqimiz, tasavvurimizdan o‘chgan. Qishloq sharoiti shaharnikidek. Qarang, “Rio – 2016”da g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimizning aksariyati, 20-25 yoshda. Ular mustaqillik yillarida tug‘ilib voyaga yetgan, istiqlol inshootlarida savod chiqargan, sport hadisini olgan. Yoshlarimizning dunyoning mana-man degan chempionlarini zumda yengishini kuzatar ekansiz, ta’lim-tarbiya va sport sohalarida amalga oshirilgan ishlarning yorqin samarasini ko‘rasiz.
 
1.JPG 

Bu, Prezidentimizning agar biz O‘zbekistonning butun dunyoga nom qozonishini istasak, yurtimizning qaysi hududida bo‘lishidan qat’i nazar, yilt etgan iste’dod egalarini izlab topish va qo‘llab-quvvatlashga barchamiz mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz kerak, degan so‘zlarining amaldagi isbotidir. 

Buni sportchilarimizning birgina yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki misolida ham ko‘rish mumkin. 

1996-yili Atlantada o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida yurtdoshlarimiz bittadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2000-yil Sidney shahri mezbonlik qilgan bahslarda sportchilarimiz bitta oltin, bitta kumush va ikkita bronzani mamlakatimizga olib kelgan. Afinada 2004-yili o‘tkazilgan bellashuvlarda sportchilarimizdan ikki nafari shohsupaning birinchi, yana shunchasi uchinchi va bir nafari ikkinchi pog‘onasini band etgan bo‘lsa, 2008-yilgi Pekin Olimpiadasida ular 6 medalni qo‘lga kiritgan: 1 oltin, 2 kumush, 3 bronza. Olimpiyachilarimiz 2012-yili Londondan bitta oltin, ikkita bronza bilan qaytib kelgan. “Rio – 2016”da yurtdoshlarimizning 4 oltin, 2 kumush, 7 bronzani qo‘lga kiritgani Vatanimiz mustaqilligining 25-yillik shukuhi bilan yashayotgan xalqimizga munosib sovg‘a bo‘ldi. 

E’tibor bersangiz yoshlarimiz Olimpiadadan hech qachon medalsiz qaytmagan. 

Mustaqillik yillarida sport sohasida amalga oshirilgan ishlar natijasi tahlili uchun yana bir misol. “Rio – 2016”da dunyoning ikki yuzdan ziyod davlatidan sportchilar qatnashdi. Ular orasidan 87 davlat sportchilarigina shohsupaga ko‘tarildi. Oltin medalni qo‘lga kiritganlar yanada kam – 59 ta. O‘zbekiston sportchilari 13 medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida 21-o‘rinni band etdi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi Osiyo davlatlari orasida to‘rtinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi. 

Bokschilarimiz 3 oltin, 2 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritib, Kuba, AQSh, Buyuk Britaniya va Rossiya kabi boks eng rivojlangan davlat sportchilarini ortda qoldirib, dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. 

Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori sportchilarimizning ushbu nufuzli musobaqada yuksak natijalarni qayd etishida muhim dasturilamal bo‘ldi. 

Rio-de-Janeyroda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida 70 nafar sportchimiz akademik eshkak eshish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, badiiy gimnastika, boks, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, trampolin, o‘q otish, erkin va yunon-rum kurashi kabi qator sport turlari bo‘yicha bahslashdi. Ular orasida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlari g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan tajribali sportchilar bilan bir qatorda ushbu musobaqada ilk marotaba ishtirok etgan yosh sportchilar ko‘pligi mamlakatimiz sport salohiyati yuksalib borayotganidan dalolat beradi. 

Natija kutilganidan ham ziyod bo‘ldi. XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschilarimizdan Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev kumush, Rustam To‘laganov, Murodjon Ahmadaliyev, dzyudochilar Rishod Sobirov, Diyorbek O‘rozboyev, erkin kurash bo‘yicha Elmurod Tasmurodov, Ixtiyor Navro‘zov, Magomed Ibragimov O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga bittadan bronza medal qo‘shdi. 

XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining eng muhim voqealaridan biri boks musobaqalarida ro‘y berdi. 49 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda o‘zbek bokschisi Hasanboy Do‘stmatov meksikalik Xoselito Velaskes, qozog‘istonlik Birjan Jakipov, AQSh vakili Niko Migel Xernandesni mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi. 

Hasanboyning final jangini behalovat ko‘rmagan, g‘alabasini – musobaqadagi ilk oltin medalimizni betoqatlik bilan kutmagan yurtdoshlarimiz bo‘lmasa kerak. Masalan, biz jangni jo‘ralar bilan birga ko‘rdik. Olimpiada oltin medali uchun hal qiluvchi bahs murosasiz kechdi. Chor- atrofdan “Ur!”, “Yiqit!”, “Bo‘sh kelma, Hasanboy!”, degan hayqiriqlar quloqqa chalinadi. So‘nggi raundni hamma tik holda kuzatdi. Yakunda Hasanboy kolumbiyalik Yuberxen Martinesni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. 

Hasanboy Olimpiya o‘yinlarida eng yorqin janglarni olib borgani uchun “Rio – 2016” olimpiadasining eng yaxshi bokschisi sifatida Vel Barker kubogi bilan taqdirlandi. 

Tanish-notanish hamma bir-birini g‘alaba bilan qutladi – oltin medal muborak!
 
4.JPG 

Uyga qaytayotsak, kishini quvontiradigan, qalbida Vataniga bo‘lgan muhabbatini yanada jo‘sh urdiradigan ajib manzaraga ko‘zimiz tushdi: aksariyat mashinalarning ort oynasiga “Rio – 2016” belgisi yopishtirilgan. Tepa qismiga O‘zbekiston bayrog‘i tirkalgan. Yurganda mag‘rur hilpiraydi. 

Sport – tinchlik, hamjihatlik elchisi. Odamlarni jipslashtiradi. Qalbida vatanparvarlik hissini jo‘sh urdiradi. Nainki haydovchi, butun xalqimiz Riodagi Olimpiadada faqat O‘zbekiston bayrog‘i yuqoriga ko‘tarilishini istadik. Faqat o‘zimizning bayroqni ko‘rishni, madhiyamizni tinglashni istadik. 

Shunday ham bo‘ldi. Shukr! 

Og‘ir atletikachi Ruslan Nurudinov ham Olimpiada oltin medali bilan taqdirlandi. U shtangani dast ko‘tarishda 194, siltab ko‘tarishda 237, ikkikurash natijasiga ko‘ra 431 kilogramm natija qayd etib, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. Uning siltab ko‘tarishda ko‘rsatgan natijasi Olimpiadaning yangi rekordi sifatida mana-man degan soha mutasaddilari tomonidan keng e’tirof etildi. Chet el ommaviy axborot vositalari o‘zbek farzandini maqtab maqolalar yozdi. 

Mana ulardan bir shingili: “Nurudinov 2012-yilda London Olimpiadasida 4-o‘rinni egallaganidan so‘ng uning chap tizzasida jarohat paydo bo‘ldi. Shu bois u 2013-yildan 2015-yilgacha sport musobaqalarida qatnasha olmadi. Ruslan o‘sha damlarda o‘zida katta kuch va iroda topib, yana sport musobaqalariga qaytish haqida o‘yladi hamda bugun shunday yuksak marrani egalladi”. Agence France-Presse. 

“U siltab ko‘tarishda 237 kilogramm natija bilan Olimpiya o‘yinlarining yangi rekordini o‘rnatdi. Ikkikurash yakuni bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shu paytgacha Markaziy Osiyo davlatlari orasida hech bir og‘ir atletikachi bunday muvaffaqiyatga erisha olmagan”. www.nbcwashington.com 

Mamlakatimiz sportchilari xalqimizni xushnud etishda, oltin medallar sonini ko‘paytirishda, Vatanimiz shuhratiga shuhrat qo‘shishda davom etdi. 

– Musobaqada kongolik Dival Malongan, hindistonlik Manoj Kumar, AQSh vakili Gari Rassel, rossiyalik Vitaliy Dunaytsev, finalda Ozarbayjon sharafini himoya qilgan Lorenzo Kollazo Sotomayorni yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldim, – deydi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Fazliddin G‘oyibnazarov. – Menda finaldagi bahs, ayniqsa, katta taassurot qoldirdi. Ringga chiqqanimda dastlab yurtdoshlarimiz qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi raundda zaldagi tomoshabinlarning “Uz-be-kis-tan!”, “Uz-be-kis-tan!” degan hayqiriqlari qulog‘imga chalina boshladi. G‘alaba qozonishimni nainki vatandoshlarimiz, dunyo ahli ham istayotganini angladim. Hakam qo‘limni ko‘targanida ko‘zimdan yosh otilib chiqdi. O‘sha lahzada tuygan hislarimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Muhimi, ishonchni oqladim, Vatanimiz bayrog‘i eng baland ko‘tarildi, madhiyamiz dunyo uzra jarang sochdi! 

– Riodagi ishtirokimni saralash bosqichidan boshlaganimda vaqti kelib Hasanboy Do‘stmatov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev va Fazliddin G‘oyibnazarov qatorida boks bellashuvlarining finaliga yo‘llanma olishim xayolimga ham kelmagan edi, – deydi yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Shahobiddin Zoirov. – Raqiblarimni mag‘lub etganim sari Prezidentimiz, yurtdoshlarimiz bildirgan ishonch mas’uliyati ortdi. Final jangiga kirishishdan avval ustozim “sen bu yerga nafaqat o‘zbekistonlik bokschi, balki O‘zbekistonning yuzi ham bo‘lib kelgansan. Yuzing yerga qaramasin”, dedi. Xulosa qildim. Natijasi ma’lum! 

Bokschilarimiz Hasanboy Do‘stmatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oyibnazarov, og‘ir atletikachimiz Ruslan Nurudinov g‘alabasi sharafiga XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ko‘tarilib, davlat madhiyasi yangradi. 

Bular mamlakatimizning barcha hududlarida yosh iqtidor sohiblarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni yuksak ijodiy parvozlar sari rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasi sifatida O‘zbekiston yoshlarining dunyoda hech kimdan kam emasligini namoyon etayotganidan yana bir dalolatdir. 

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev ishtirok etdi. 

Manba: O'zA

Поделиться