Bosh vazir:
Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati oldiga qo‘yilgan maqsadli vazifalarning bajarilishini ta'minlash maqsadida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyatini umumiy tarzda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, yuzaga kelgan kelishmovchiliklar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
xalqaro munosabatlarda Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, muzokaralar olib boradi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvining Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqish talab etilmaydigan masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritadi;
Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun asosiy ustuvorliklar to‘g‘risidagi har yilgi ma'ruzasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati a'zolari bilan birgalikda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;
Vazirlar Mahkamasi a'zoligiga nomzodlar Qonunchilik palatasi tomonidan ma'qullanganidan keyin bu nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
Bosh vazir o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot berib boradi.
Bosh vazir yo‘qligida uning vazifasini Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari yoki Bosh vazir o‘rinbosarlaridan biri bajarib turadi.