O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Ochiq Hukumat»
Ochiq ma’lumotlar
Davlat organlarining ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan axborotlarini ochiq ma’lumotlar sifatida e’lon qilinishi ochiq davlat boshqaruvining asosidir.
Ochiq ma’lumotlarning e’lon qilinishi va ulardan foydalana olish imkoniyatining yaratilishi tufayli davlat organlari faoliyatining shaffofligi, jamoat nazoratini amalga oshirish imkoni, shuningdek jismoniy shaxslar va tadbirkorlar uchun yangi xizmatlar yaratilishi ta’minlanadi.
Davlat organlari faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar va axborotlarni ochiq ma’lumotlar ko‘rinishida e’lon qilinishi ulardan turli axborot resurslarini shakllantirishda manbaa sifatida va axborot tizimlarini, shuningdek, ham davlat organlari, ham tadbirkorlik subyektlari uchun xizmat va ilovalar yaratishda foydalanish mumkin.
Mahalliy veb-resurslarni, raqobatbardosh dasturiy mahsulotlar va xizmatlar ichki bozorini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat organlari va ularning faoliyati to‘g‘risidagi ochiq axborotdan foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-avgustda 232-son qarori qabul qilindi. Qaror asosida Internet tarmog‘ida ochiq ma’lumotlar uchun "yagona nuqta" vazifasini bajaruvchi O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali (data.egov.uz) ishga tushirildi.
Portal foydalanuvchilarga Internet tarmog‘idagi ochiq ma’lumotlardan foydalanishning yagona nuqtasini taqdim etish va joylashtirilgan ochiq ma’lumotlarning dolzarbligi masalalari bo‘yicha foydalanuvchilarning ochiq ma’lumotlarni yetkazib beruvchilar bilan teskari aloqasini ta’minlash, yangi ochiq ma’lumotlarni e’lon qilish to‘g‘risidagi takliflarni ko‘rib chiqish va ochiq ma’lumotlarni olishda foydalanuvchilar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, yetkazib beruvchi faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta’minlash va Portalda joylashtiriladigan ochiq ma’lumotlar yordamida samarali iqtisodiy qarorlarni qabul qilish uchun foydalanuvchilarga shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil qilindi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalida 7 900 dan ortiq ma’lumotlar to‘plami portalga joylashtirilgan bo‘lib ular foydalanuvchilar tomonidan 208 000 ortiq marotaba yuklab olingan.
Normativ-huquqiy hujjatlarning jamoat muhokamasi
Qonun hujjatlarini muhokama qilish uchun sharoit yaratish orqali ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi “Qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 328-son qarorini qabul qildi. Qarorga muvofiq 2015-yil 1-yanvardan boshlab Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash tizimi joriy etildi – regulation.gov.uz.
Quyidagilar normativ-huquqiy hujjat loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholashning maqsadlari hisoblanadi:
muammoni, uni tartibga solishning maqsadi va mavjud yechimini tahlil qilish orqali normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan (vujudga kelgan) ijobiy va salbiy oqibatlarni aniqlash;
ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasida va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida korrupsiya, boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishi uchun sharoit yaratadigan, tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha ma’muriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan yoki joriy etishga sharoit yaratadigan qoidalarni aniqlash;
tadbirkorlik subyektlarida asossiz xarajatlar paydo bo‘lishiga olib keluvchi qoidalarni aniqlash.
Portalda davlat organlari tomonidan ishlab chiqilgan tadbirkorlik faoliyatiga aloqador qonun hujjatlarining loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar joylashtirilib, ro‘yhatdan o‘tgan barcha foydalanuvchilar mazkur hujjalar borasida o‘z takliflarini berish imkoniyati yaratilgan. Keltirilgan takliflar qonun hujjati loyihasi va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni joylashtirgan davlat organ tomonidan o‘rganib chiqilib qabul qilinadi yoki asoslantirilgan rad javobi beriladi.
Foydalanuvchilar joylashtirilgan normativ-huquqiy hujjatlar borasida nafaqat moddama-modda o‘z takliflarini bildirishlari balki, mazkur hujjatlar borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib mahsus so‘rovnomani to‘ldirishlari ham mumkin. So‘rovnoma Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimini va mazkur Portalni yanada rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.
Fuqarolar bilan strategik masalalarda maslahatlashish
Fuqarolarning qarorlar qabul qilishda ishtiroki
Harakatlar strategiyasining keng muhokamasi
Mamlakatimiz xavfsizligi, taraqqiyoti va siyosiy barqarorligini yanada mustahkamlashda har bir fuqaroning ishtirokini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi loyihasi keng muhokamadan o‘tdi. Mazkur hujjat yurtimizning yanada taraqqiy etishida muhim o‘rin tutadi.
Harakatlar strategiyasi loyihasi muhokama uchun strategy.regulation.gov.uz veb-saytda joylashtirildi. Harakatlar strategiyasi loyihasiga nafaqat davlat va boshqaruv organlari xodimlaridan, balki fuqarolarimiz tomonidan ham ko‘plab taklif va mulohazalar bildirildi.
Harakatlar strategiyasi loyihasida davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini markazlashtirishdan chiqarish, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotning energiya va resurs sarfini qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, eng avvalo o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash kabi muhim vazifalar o‘rin oldi.
Harakatlar strategiyasining keng muhokamaga qo‘yilishi davlat hokimiyatining demokratik asoslarini yanada mustahkamlashga, xalqimizning eng muhim qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini ta’minlashga xizmat qildi.
2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyasi, shuningdek, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tuzilib, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar zimmasiga Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish, shuningdek Harakatlar strategiyasini 2018 — 2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklatildi.
Amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash va ilg‘or xorijiy tajribalarni tahlil qilgan holda tayyorlangan Harakatlar strategiyasida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, sud-huquq, iqtisodiy, ijtimoiy sohalar va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha beshta ustuvor yo‘nalish belgilangan. Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, kelgusi besh yilda mamlakatimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.
Harakatlar strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan media-haftalik tashkil etildi. Jamoatchilik muhokamasini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan media-haftalik doirasida Harakatlar strategiyasining beshta yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar taqdimotlari, ular yuzasidan ochiq muhokama va munozaralar, anjumanlar, brifinglar, tok-shoular o‘tkazildi.
Haftalik ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan media-maydoncha tashkil qilingan. Yuqori tezlikdagi internet va wi-fi aloqasi bilan ta’minlangan kompyuterlar, press-kitlar o‘rnatildi. Nodavlat hududiy telestudiyalarning O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi Yoshlar multimedia telekompleksi bilan onlayn bog‘lanishlari yo‘lga qo‘yildi.
Haftalik doirasida tayyorlanayotgan barcha media materiallar teleradiostansiyalar efirlari orqali tezkorlik bilan uzatilmoqda, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish virtual qabulxonasi
Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari bilan samarali o‘zaro hamkorlik qilinishi, tadbirkorlar hamda chet ellik investorlarni tasdiqlangan jadval bo‘yicha har kuni qabul qilish, tadbirkorlar muammolarining xolisona va adolatli hal etilishi, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida tegishli Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish virtual qabulxonasi tashkil qilindi.
Tadbirkorlar murojaatlarini 3 xil usulda: (0 800) 211-0000 yoki «1100» qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish (qo‘ng‘iroq respublika bo‘yicha bepul, faqatgina statsionar telefonga qo‘ng‘iroq qilish narxi bo‘yicha haq olinadi), murojaat yuborish (business.gov.uz portalida keltirilgan shaklni to‘ldirish orqali) yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining yashash joydagi qabulxonasiga tashrif buyurish orqali yuborish mumkin.
Har bir murojaat ro‘yxatga olinadi va ijroga yuborilib, nazoratga olinadi. Barcha yuborilgan murojaatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi, takliflar esa tegishli vazirlik va idoralarning faoliyatida e’tiborga olinadi. Murojaat yuborgan shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish virtual qabulxonasiga 9 100 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
2013-yil 1-iyul kuni Internet tarmog‘ida my.gov.uz manzili bo‘yicha aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun “yagona oyna” rejimida davlat interaktiv xizmatlarini ko‘rsatuvchi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (Yagona portal) ishga tushirildi.
Ushbu loyihani amalga oshirilishi mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini joriy etish va rivojlantirish yo‘lida qo‘yilgan yana bir muhim qadam hisoblanadi.