O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Hukumat soati”da Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri deputatlarning savollariga javob berdi
2023-02-16 | Ta’lim
2023-yil 15-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda xalq vakillari “Pedagogika oliygohlarida zamonaviy pedagoglarni tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masalani muhokama qilishdi.
Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Abdurahmonov javob berdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va ularda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy qilgan holda zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko‘tarish, pedagogika sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.
“Hukumat soati”da deputatlar pedagogika oliygohlarida pedagoglarni tayyorlash metodikasi zamonaviy ta’lim-tarbiya talablariga uyg‘un olib borilayotgani bilan qiziqdi.
Abdurahmonov qayd etganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta pedagogika oliygohida 27 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlanyapti. Mazkur ta’lim muassasalarida pedagoglarni tayyorlash metodikasi zamonaviy ta’lim-tarbiya talablariga muvofiq olib borilmoqda. Jumladan, 2022/2023-o‘quv yili uchun ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining 59 ta o‘quv reja va 1004 ta fan dasturi mazmuni to‘liq qayta ko‘rib chiqildi va xalqaro talablar asosida takomillashtirildi.
Shuningdek, o‘quv rejalar va fan dasturlarini tayyorlashda xorijiy oliy ta’lim muassasasi mutaxassislari ekspert hamda fan dasturlariga hammuallif sifatida jalb etildi. O‘quv reja va fan dasturlari Ta’limning xalqaro standart klassifikatsiyasi (MCKO+2011) va halqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS)ga muvofiqlashtirildi.
Pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan 2-4 bosqich talabalarining malakaviy amaliyotini o‘tashlari uchun Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan, umumta’lim va maxsus maktablarda, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “4+2” tartibda amaliyot tashkil etilmoqda. Bu o‘z navbatida, ta’lim-tarbiya hamda nazariya va amaliyotning uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni e’tirof etib, jahon tajribasida uzog‘i bilan uch yilda pedagoglarni tayyorlashga erishilayotgan bir paytda, pedagoglarni tayyorlash uchun to‘rt yillik ta’lim dasturi asoslimi, degan savol bilan vazirga yuzlandi.
Vazir I.Abdurahmonov ta’kidlaganidek, oliy ma’lumotli pedagog mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish natijasida 2020/2021-o‘quv yilidan musiqa, jismoniy madaniyat, texnologik ta’lim, chaqiriqqacha harbiy ta’lim, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, maktabgacha ta’lim, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport kabi ta’lim yo‘nalishlarining o‘qish muddati uch yil etib belgilangan.
Pedagogika sohasining boshqa ta’lim yo‘nalishlariga davlatimiz rahbarining “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida” Farmoni ko‘ra, 2022/2023-o‘quv yilidan o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish, xususan, joriy o‘quv yilida 4 ta ta’lim yo‘nalishi: Matematika va informatika (qo‘shimcha informatika fani o‘qituvchisi), Pedagogika (qo‘shimcha tarbiya fani o‘qituvchisi), Biologiya (qo‘shimcha tabiiy fanlar o‘qituvchisi), Maxsus pedagogika: surdopedagogika (qo‘shimcha surdotarjimon) bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibi joriy qilindi.
Shuningdek, asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish bo‘lajak pedagog kadrlarni pedagogik faoliyatlarini samarli tashkil etishda katta xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib pedagoglarni tayyorlash uchun to‘rt yillik ta’lim dasturi asosli deb hisoblaymiz.
“Hukumat soati”da xalq vakillari umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Tarbiya darsliklarini o‘qitish uchun maxsus pedagogik, psixologik ko‘nikmalarga ega pedagoglarni tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdilar.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri aytib o‘tganidek, 2022/2023-o‘quv yilidan o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibi joriy etildi.
Xususan, Pedagogika va psixologiya ta’lim yo‘nalishi negizida 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab Pedagogika (qo‘shimcha tarbiya) ta’lim yo‘nalishi tashkil etildi. Bo‘lajak tarbiya fani o‘qituvchilari uchun oliy t’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari tomonidan “Pedagogika nazariyasi va tarixi”, “Kreativ pedagogika”, “Ijtimoiy pedagogika”, “Milliy tarbiya”, “Tarbiya diagnostikasi va korreksiyasi” va “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Tarbiya fanini o‘qitish metodikasi” mutaxasislik fanlaridan yangi avlod o‘quv adabiyotlari yaratilmoqda.
Bundan tashqari, Tarbiya o‘qituvchilarini tayyorlash uchun “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Tarbiya fanini o‘qitish metodikasi” fani bo‘yicha o‘quv adabiyotlar yaratildi. Ushbu o‘quv adabiyotlarida bir qator ta’lim texnologiyalari va metodika xamda uni o‘qitish uchun maxsus pedagogik, psixologik ko‘nikmalarga ega bo‘lajak pedagoglarni tayyorlashda situativ ta’lim, badiiy pedagogika, buktreyler, vitagen ta’lim, event ta’lim imkoniyatlaridan foydalanib dars o‘tishlari uchun tavsiyalar berib o‘tilgan.
Kreativ yondashuv asosida metod va texnologiyalarni tanlash, milliy mentalitetga mosligini ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishning zamonaviy va yordamchi shakllaridan unumli foydalanishga hamda kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Savol-javoblarga boy bo‘lgan “Hukumat soati”da deputatlar soha istiqboliga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.
Muhokamalar so‘nggida kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi