O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti AQSh delegatsiyasini qabul qildi
2021-10-05 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-oktabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-AQSh strategik sherikligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Uendi Sherman davlatimiz rahbariga AQSh Prezidenti Jozef Bayden, vitse-prezidenti Kamala Xarris va Davlat kotibi Entoni Blinkenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Amerika tomoni mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini qat’iy qo‘llab-quvvatlashi alohida ta’kidlandi.
Tomonlar keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal sur’atda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining joriy yil oxirigacha Vashington shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi yig‘ilishining kun tartibini puxta tayyorlash muhim ekani ta’kidlandi.
Siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Pandemiyaga qarshi kurashishda, shu jumladan amaldagi global dastur doirasida mamlakatimizga vaksinalar yetkazib berish masalasida ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Amerika tomoniga alohida minnatdorlik bildirildi.
Mintaqaviy, shu jumladan “AQSh – Markaziy Osiyo” muloqoti hamda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim kengashi doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi. O‘zbekistonning afg‘on xalqiga ko‘maklashish hamda qo‘shni mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishi va uning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti