O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2019-05-06 | Siyosat

2019 yil 4 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi ishi davom ettirildi.

Unda hukumat a’zolari, vazirlik va markaziy idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Senat a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2018 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Muhokamada prokuratura organlarining 2018 yildagi faoliyati mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga, qonun bilan himoya qilinayotgan jamiyat hamda davlat manfaatlarini ta’minlashga, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani ta’kidlandi.

Ko‘rilgan choralar natijasida hisobot yilida jinoyatchilikni o‘tgan yilga nisbatan 33,5 foizga kamaytirishga erishildi. 9 022 ta mahalladan 2 301 tasida (25,5%) birorta ham jinoyat sodir etilmagan. “Global law and order” xalqaro tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning eng xavfsiz davlatlari reytingida Singapur, Norvegiya, Islandiya, Finlyandiya davlatlaridan keyin 5-o‘rinni egalladi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurash, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida asosiy e’tibor jinoyat va huquqbuzarliklarning asl sabablarini aniqlashga, bunga sharoit yaratib bergan omillarni bartaraf etishga qaratildi. Bu yo‘nalishda huquqni himoya qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “xavfsiz shahar”, “xavfsiz turizm”, “xavfsiz xonadon” tizimlari joriy etildi. Bosh prokuratura Akademiyasida Jinoyat sodir etish sabablarini tizimli tahlil qilish va o‘rganish markazi tashkil etildi, mahallalar kesimida jinoyatlar soni va turini tahlil qilish imkonini beruvchi elektron geoaxborot xaritalarini joriy qilish ishlari boshlandi.

Bir qator vazifalarni innovatsion yo‘l bilan hal etish imkonini beruvchi “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” axborot tizimi ishga tushirildi. Jinoyat sodir etishga moyil shaxslar 9 ta toifaga ajratildi. Shundan kelib chiqqan holda manzilli profilaktika tadbirlari tashkil etildi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish, uning salomatligini saqlash, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, yordamga muhtoj va kam ta’minlangan fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan tadbirlar natijasida 28807 ta oilaga yordam ko‘rsatildi, fuqarolarning 400 mingdan ortiq muammosi hal etildi.

Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarini samarali himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarini tushuntirish va iqtisodiy huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha 68,7 mingta tadbir o‘tkazildi. Tadbirkorlik bilan noqonuniy shug‘ullangan 3483 nafar shaxsning ro‘yxatdan o‘tishi ta’minlandi, 9,2 ming fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, xufyona iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada 8 146 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 3 392 ta ma’muriy va 4 178 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlarining 617 tasi tadbirkorlarning huquqlari buzilishi, 1731 tasi mansabdorlik jinoyatlari, 542 tasi pul mablag‘larining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq. 986 ta yashirin sex faoliyati tugatilib, 8,6 mlrd. so‘mlik noqonuniy ishlab chiqarilgan mahsulot olib qo‘yildi. Shu bilan birga, valyuta jinoyatlariga chek qo‘yilib 9,8 mln. dollarlik naqd chet el valyutasi va 3,5 mlrd. so‘m olib qo‘yildi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida hisobot davrida 1907 nafar mansabdor shaxs turli ko‘rinishdagi mansabdorlik jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, korruptsiyaga murosasizlik hissini shakllantirish maqsadida 6 819 ta uchrashuv o‘tkazildi, ommaviy axborot vositalari orqali 948 marotaba chiqish uyushtirildi. Korruptsiyaning oldini olishga bag‘ishlangan videoroliklar televideniye orqali muntazam namoyish qilinmoqda.

Hisobot davrida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga alohida e’tibor qaratildi. Kelib tushgan jami 477495 ta murojaatning 291413 tasi bevosita prokuratura organlari tomonidan ko‘rib chiqilib, 270092 nafar fuqaro qabul qilindi. Prokuratura organlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalaridan kelib tushgan 104747 ta murojaatdan 98 mingtasi yoki 93 foizi prokuratura organlarining o‘zida hal etilib, 39531 tasi  yoki 37,7 foiz qanoatlantirildi, 52694 tasiga  yoki 50,3 foiziga tegishli tushuntirishlar berildi.

 “Obod qishloq” va “Obod mahalla” muhim dasturlari bajarilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilib, Bosh prokuraturada amalga oshirilgan ishlar haqida kunlik axborotlarni jamlash va tahlil qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Dasturlarning ijrosi ustidan onlayn rejimda monitoring olib borish imkonini beradigan elektron dastur ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, 11,4 mlrd. so‘mlik ish haqi, pensiya, aliment va boshqa to‘lovlarni olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Noqonuniy hujjatlarga 1437 ta protest keltirildi, qonunbuzishlarni bartaraf etish haqida 539 ta taqdimnoma kiritildi, 11,8 mlrd. so‘mlik zararni undirish haqida sudlarga 960 ta ariza berildi. 1580 nafar shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, qo‘pol qonunbuzish holatlari bo‘yicha 261 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hisobot davrida prokuratura organlari tomonidan energetika resurslari uchun qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha muhim vazifalar bajarildi. Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida 28,1 trln. so‘m undirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2018 yil yakunida energiya resurslari va ichimlik suvidan qarzdorlik o‘tgan yilga nisbatan 70,3 mlrd. so‘mga kamaydi.

Sud hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida 16,4 trln. so‘m undirildi. Sud hujjatlarini o‘z muddatida ijro etmagan shaxslarga nisbatan 13,1 mlrd. so‘m jarima qo‘llanildi.

Tegishli idoralar bilan birgalikda 100 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali 7945 marotaba chiqish uyushtirildi.

Shu bilan birga, faoliyatning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha prokuror nazoratini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, jinoyatlarni hisobga olmay yashirish, huquqni himoya qilish organlari tomonidan inson huquqlarini buzish, or-nomus va qadr-qimmatni toptash hollariga to‘liq barham berilmayotganli qayd etildi.

Tezkor-qidiruv ishlari lozim darajada olib borilmagani natijasida jinoyatlarning 3737 tasi yoki 15,7 foizi fosh etilmadi, qidiruvda bo‘lgan shaxslarning 8188 nafari yoki 59,5 foizi ushlanmadi.  

Hisobot davrida 1100 nafar voyaga yetmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilgani fuqarolarning bu toifasini ijtimoiy himoya qilish, o‘qitish, ular qarovsiz qoldirilishining va ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olish ishlariga alohida e’tibor qaratish zarurligini tasdiqlab turibdi.

Bundan tashqari, prokuratura organlari davlat boshqaruvi va nazorati organlari tomonidan fuqarolarning huquqlarini buzish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, muammolarini hal qilishda sustlik qilish hollariga chek qo‘yishga ustuvor darajada ahamiyat berishi kerakligi ta’kidlandi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra parlamentning yuqori palatasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2018 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar.

Hisob palatasiga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi Davlat byudjetini lozim darajada ijro etishga, byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan va kredit resurslaridan maqsadli foydalanishga ko‘maklashishi ta’kidlandi.

Hisob palatasining 2018 yildagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni va boshqa hujjatlarda belgilangan vazifalarni hal qilishga, Davlat byudjetini shakllantiradigan va uning daromadlarini ko‘paytiradigan zaxiralarni aniqlashga, shuningdek strategik ahamiyatga ega investitsiya loyihalarini ijro etishga qaratildi.

Jumladan, o‘rganish va tahlil, ko‘rilgan chora-tadbirlar hamda ko‘rsatilgan yordam natijasida joyning o‘zida soliq to‘lovchilar - yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyati tahlil qilindi, Davlat byudjetiga 4,7 trln. so‘mlik daromadlar qo‘shimcha ravishda undirildi.

Tegishli nazoratni ta’minlash bilan birga byudjet mablag‘laridan foydalanish masalasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sabablari tahlil qilindi, ularning oldini olish choralari ko‘rildi. Natijada kamchilik va xatolar, shuningdek 1,2 trln.  so‘mlik va 74,2 mln. dollarlik samarasiz xarajatlar aniqlandi.

Hisob palatasining qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflari asosida 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar va bayonnomalar qabul qilindi.

Shu bilan birga, Davlat byudjetiga, davlat maqsadli jamg‘armalariga tushumlarning to‘liqligini, ularning maqsadli shakllanishini va samarali ijro etilishini ta’minlash, soliq sohasida islohotlar amalga oshirish va byudjetga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash bo‘yicha ishlarni muntazam davom ettirish talab etiladi.

Bunda davlat va hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga, Davlat byudjetini shakllantirish va uning daromadlarini ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash hamda ularni ishga solishga, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘iluvchanligini oshirishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlarning, shuningdek strategik ahamiyatga ega investitsiya loyihalarining ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari va hududiy dasturlarning to‘liq hamda samarali ijrosiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish zarurligi ham ta’kidlandi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar Toshkent viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotini eshitdilar.

Qayd etilishicha, respublika yalpi ichki mahsulotida Toshkent viloyati ulushi 10,4 foizni tashkil etadi. 2018 yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 38,3 trln. so‘mga yetdi, 2017 yilga nisbatan o‘sish 106,4 foizni tashkil etdi. Yalpi hududiy mahsulotda sanoat ulushi ancha yuqori, bu yo‘nalishda 2017-2018 yillarda umumiy qiymati 7 trln. so‘mlik 2418 ta loyiha amalga oshirildi, 29 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Xizmat ko‘rsatish va servis sohalarida, shuningdek qishloq xo‘jaligida yangi loyihalar ishga tushirilishi hisobiga 2018 yilda 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlar natijasida 2017 yilda 147,1 mlrd. so‘m, 2018 yilda 1,25 trln. so‘m o‘zlashtiridi.

Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 2018 yilda tijorat banklari tomonidan jami 2,3 trln. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Buning evaziga 5 mingdan ziyod kichik biznes sub'yektlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularning umumiy soni deyarli 29 mingga yetdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga 2017- 2018 yillardagi tashriflari vaqtida berilgan 800 dan ortiq topshiriqlarni bajarish doirasida 560 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, 2018 yil fevral oyida Viloyat skrining markazi tashkil etildi, natijada homilador ayollarni Respublika skrining markaziga yuborishga ehtiyoj qolmadi.

“Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari va “Yoshlar - kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida ham viloyatda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2018 yilda 229 nafar yoshga 28,7 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar berildi, 830 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Oxirgi ikki yilda viloyat xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida ijtimoiy-iqtisodiy sohaga doir 120 dan ziyod dolzarb masalalar muhokama etildi. Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyatning 450 dan ziyod mansabdor shaxslari hisobotlari eshitildi, tegishli tuzilmalar rahbarlariga aholini tashvishga solayotgan turli masalalar yuzasidan 400 dan ortiq deputatlar so‘rovi yuborildi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatida hududlarni rivojlantirishga va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan ko‘plab muammo va kamchiliklar borligi qayd etildi.

Mavjud muammolarni hal qilishga ayrim vazirlik va idoralar kompleks yondashmagani tufayli bu masalalar o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. Jumladan, tashqi ishlar, investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari hamda mahalliy hokimiyat organlari hamkorligi yetarlicha samarali emasligi tufayli import hajmini kamaytirish borasida sezilarli natijalarga hali erishilgani yo‘q. Xususan, 2018 yilda viloyatda eksport hajmi 1,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi, import hajmi esa 2,5 mlrd. AQSh dollariga yetdi.

Viloyat aholisini tashvishga solayotgan muammolar orasida kommunal xizmatlarga oid masalalar yillar davomida o‘z yechimini topmayapti. Jumladan, tuman markazlaridan olis hududlarda joylashgan ko‘p qavatli uylarning 46 foizida isitish tizimlari ishdan chiqqan. Ko‘p qavatli uylar xonadonlarining 80 foizida isitish batareyalari tegishli tizimga ulanmagan.

Mahalliy bug‘ qozonlari qurish nazarda tutilgan bo‘lishiga qaramay, bularning barchasi mansabdor shaxslardan qo‘yilgan vazifalarga mas’uliyatliroq yondashishni hamda sohaga ixtisoslashgan vazirlik va idoralar bilan uyushgan holda ish olib borishni talab qiladi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng senatorlar 2019 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Avval xabar berilganidek, Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisidagi tegishli qarori bilan 2019 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fermer ho‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingach, fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalari maqbullashtirildi. Shu munosabat bilan Dasturga Senat tomonidan tasdiqlangan tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

So‘ngra senatorlar Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Berilgan imtiyozlar va preferentsiyalarga qaramay, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyena normativlariga rioya qilinmayotgan holatlar kuzatilayotgani, bu esa salbiy oqibatlarga olib kelayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan parlament so‘rovi yuborish zarurati yuzaga keldi. Mazkur masala bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar Suv ob'yektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - transport vaziriga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning suv ob'yektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlariga rioya qilish qismi ijrosi o‘rganilgan. Natijada zudlik bilan hal qilish talab qilinadigan qator muammolar aniqlangan. Shu bois tegishli so‘rov yuborish zarurati paydo bo‘ldi. Masala senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish va uni o‘tashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018 yil 14 dekabrdagi qaroriga muvofiq mazkur parlament so‘rovi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga yuborilgan edi.

Paralament so‘roviga 2019 yil 20 martda berilgan batafsil javobda mavjud muammo va kamchiliklarni, xususan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish va uni o‘tishning amaldagi tizimidagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilgani ta’kidlandi. Xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda harbiy xizmatdan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomning yangi loyihasi, shuningdek kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish tartibini takomillashtirish, mavjud sansalorlikni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Yalpi majlis davomida O‘zbekiston Respublikasining Polsha Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisini tayinlash, Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish va Oliy Majlis Senati Kengashi qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida 23 ta masala, shu jumladan 8 ta qonun ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi senatorlari tomonidan ma’qullangan qonunlar jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, islohotlarning izchilligini ta’minlashga, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganligi ta’kidlandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Поделиться