O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Oʻzbekiston – 2035" xalqaro forumi: taraqqiyot shartlari muhokama qilinmoqda

2019-02-06 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 5 fevral kuni “Oʻzbekiston – 2035” ikkinchi xalqaro forumi oʻz ishini boshladi.

Mazkur forum Oʻzbekistonni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasining muhim iqtisodiy va siyosiy yoʻnalishlarini muhokama etishga bagʻishlangan boʻlib, unda deputatlar, vazirlik va idoralar, ilmiy-taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi aʼzolari qatnashmoqda.
 
Forumning ilk yalpi majlisida Oʻzbekistonni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasi loyihasining asosiy yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
 
– Strategiya loyihasi 2020-2025, 2030, 2035 yillarga moʻljallangan uchta bosqichda amalga oshirilishi belgilangan, – deydi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direktori, "Rikor” (Rossiya) texnoparki bosh direktori Habib Abdullayev. – Birinchi bosqich strategik rivojlanish maqsadlari uchun faol investitsiyalar, yaʼni iqtisodiy rivojlanishga kuchli turtki boʻla oladigan investitsiyalarni jalb qilishni oʻz ichiga olgan. Ikkinchi bosqichda mamlakatning iqtisodiy va texnologik salohiyati roʻyobga chiqariladi. Soʻnggi bosqichda yetuk bozor iqtisodiyotiga oʻtiladi. Bu paytga kelib Oʻzbekistonni jahondagi iqtisodiyoti rivojlangan 50 ta yetakchi mamlakat qatoriga kiritishga erishiladi.
 
Jahon banki 2016 yilda eʼlon qilgan “Doing business” reytingida Oʻzbekiston 64 pogʻona yuqorilab, 42-oʻrinni qayd etgan edi. Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari jahondagi boshqa yetakchi xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Misol uchun, nufuzli “Fitch Ratings” va “Standart & Poorʻs” reyting agentliklari birinchi marta yurtimizning xalqaro suveren kredit reytingini belgiladi. Bularning barchasi Oʻzbekiston iqtisodiyoti jadal surʼatlar bilan rivojlanishiga shubha bilan qarovchi skeptiklarning ham fikrini oʻzgartirib yubordi.
 
Yalpi sessiyadan soʻng forum ishtirokchilari strategiyaning davlat boshqaruvini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik sanoati, bank tizimi, sanoat, transport, qurilish va infratuzilma, turizm, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy siyosat, inson kapitali, ekologiya, ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar kabi yoʻnalishlari boʻyicha ishchi guruhlarga boʻlinib, muhokamalarni shuʼba yigʻilishlarida davom ettirdi.
 
– Hozirgi paytda bor kuch, sarmoyani inson kapitalini rivojlantirishga sarflamasdan taraqqiyotga erishib boʻlmaydi, – deydi “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi aʼzosi Malika Sharipova. – Eʼtibor bering, Amerika Qoʻshma Shtatlarida 3 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan har bir fuqaroning taʼlim olishi uchun davlat bir yilda 231 ming dollar, Janubiy Koreya 130 ming dollar sarflaydi. Shu tarzda mazkur mamlakatlarda bir ishchi kuchini shakllantirishga ketgan xarajat oʻzini 13-17 karra oqlamoqda. Bizda bu koʻrsatkich 19 ming dollarni tashkil etib, sarmoyalar oʻzini bor-yoʻgʻi 4 baravar qoplamoqda.
Tahlillarga koʻra, jahonda sanoat rivojlanishining yangi bosqichida koʻplab ish oʻrinlari avtomatlashtirish va raqamli texnologiyalar bilan bogʻliq boʻladi. Hozir hattoki rivojlangan mamlakatlarda ham ishchilarning atigi 25 foizi kerakli malakaga ega, xolos. Shu bois ham rivojlangan mamlakatlar bor eʼtiborini fuqarolarining bilim olishiga, malakasini doimiy ravishda oshirishiga qaratmoqda.
 
Kelgusi 5 yil ichida jahonda barcha mehnat turlarining 7 foizi avtomatlashtirilishi taxmin qilinmoqda. Bu kelajakda 57 foiz ishchi-xizmatchi ishsiz qoladi, degani. 2035 yilga borib Oʻzbekistonda ham xuddi shunday vaziyat yuzaga kelishi ehtimoli bor. Hisob-kitoblarga koʻra, 2035 yilgacha mamlakatimizda 20,7 million mehnatga layoqatli kishini ish bilan taʼminlash ehtiyoji yuzaga keladi. Bunga hozirdanoq tayyorgarlik koʻrish uchun, avvalo, jismoniy shaxslar, kompaniyalar har bir kishiga mos keladigan kollektiv va oqilona yechimlarni topishi zarur.
 
Inson kapitalini rivojlantirish tizimi odamlarning oʻziga ishonchini oshirish uchun oʻzlarini qaytadan kashf etishga imkon beradigan va kuchaytiradigan platformalarni yaratish demakdir. Shunday ekan, tizimda yangicha oʻylash, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni koʻra bilish, inson qobiliyatini kuchaytirishga qaratilgan dasturlar va modellarni ishlab chiqish va yangi gʻoyalar talab etiladi.
 
Forumning ekologiya, ilm-fan, texnologiya va innovatsiya masalalariga bagʻishlangan shuʼba majlisida Oʻzbekistonning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi loyihasining atrof-muhitga bagʻishlangan tavsiya va takliflari qizgʻin muhokama qilindi.
 
Qayd etilganidek, mamlakatimizda yaqin yillarda aholi, iqtisodiyotning oʻsishi va iqlim oʻzgarishi asosiy tabiiy resurslarga boʻlgan bosimni oshiradi. Jumladan, suv, oziq-ovqat, ekin maydonlari va energiyaga boʻlgan talab oshib boradi. Shunday ekan, kutilayotgan vaziyatda Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishiga qanday moslashishi kerak?
 
“Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi aʼzosi, Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya) laboratoriyasi menejeri Temur Yunusovning qayd etishicha, issiqxona gazlarining ortishi, oʻrtacha yillik harorat koʻtarilishi, shuningdek, unumdor tuproqlarda choʻllanish jarayonlari va boshqa iqlim oʻzgarishlari Oʻzbekiston oldiga, avvalo, qishloq xoʻjaligi sohasini tubdan oʻzgartirish talabini qoʻyadi.
 
“Oʻzbekiston – 2035” ikkinchi xalqaro forumi ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohidov soʻzga chiqdi.
 

Malohat HUSANOVA, OʻzA muxbiri

Поделиться