O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
E’tibor va ehtirom ifodasi
2017-03-07 | Jamiyat
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda ichki ishlar tizimida mehnat qilayotgan xotin-qizlar, soha faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.Azizov mustaqillik yillarida mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini, ijtimoiy hayotdagi nufuzini oshirishga alohida ahamiyat qaratilib, onalik va bolalikni muhofaza qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. Buning samarasida xotin-qizlarning huquqiy demokratik va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonidagi faolligi oshdi. Bugun minglab ayollarimiz turli sohalarda fidokorona mehnat qilib, mustaqil Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Hozirgi kunda ichki ishlar organlarining jinoyat qidiruv, tergov, shaxsiy tarkib bilan ishlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi, qorovul qo‘shinlari bosh boshqarmalari, ekspert – kriminalistika xizmatlari, axborot markazi, tibbiyot va moliya-iqtisod bo‘limlarida minglab xotin-qizlar el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda chinakam fidoyilik ko‘rsatib, xizmat qilayotir.
– Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tibor va g‘amxo‘rlik biz, ayollarga kuch, shijoat bag‘ishlamoqda, – deydi Ichki ishlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi muhandisi Hilola Temirova. – Bunday yuksak e’tibor va ehtiromga biz ayollar oilada Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalab, sharafli ishimizga yanada mas’uliyat bilan yondashib, munosib javob qaytaramiz.
Taniqli san’at ustalari va vazirlikning ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan ayol, ona, Vatan, muhabbatni ulug‘lovchi dilrabo kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.