O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Deputatlar yangi qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar

2015-02-21 | Siyosat

20-fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.

Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan so'ng deputatlar jamiyat hayotining turli sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator yangi qonun loyihalarini birinchi o'qishda ko'rib chiqdilar. Bundan oldin siyosiy partiyalar fraksiyalari va O'zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining majlislari bo'lib o'tdi. Ushbu majlislarda kun tartibiga kiritiladigan masalalar dastlabki tarzda ko'rib chiqildi. Qonun loyihalarini har tomonlama muhokama etish yakunlariga ko'ra, ularni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Deputatlar o'z ishlarini "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasini muhokama etishdan boshladilar. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oliy Majlis palatalarining qo'shma majlisidagi ma'ruzasida korporativ boshqaruv tizimini rivojlantirish muhimligini ta'kidlab, aksiyadorlar va, avvalo, aksiyalarning minoritar egalari amaliyotning ko'rsatishicha, o'z huquqlaridan to'liq foydalanmayotganligini, jamiyatlar faoliyatiga ta'sir ko'rsatmayotganligini qayd etgan edi.

Hujjat O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan 2014-2015-yillarda investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga, tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq tayyorlandi. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni samarali shakllantirish va faol rivojlantirishga hamda jamiyat minoritar aksiyadorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlashga xizmat qiladi.

– Ushbu qonun loyihasining mazmun-mohiyati korporativ boshqaruv tizimida prinsiplar va yondashuvlarni tubdan o'zgartirish, ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiya jarayonlari korporativ menejmentining zamonaviy xalqaro standartlarini joriy etishdan iboratdir, – deya ta'kidladi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasining a'zosi N.Saidaxmetova. – Bunda shunga o'xshash chet el tajribasi hisobga olindi, boz ustiga, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda, ayniqsa, sanoat ishlab chiqarishi sohasida mulkchilikning bu shakli katta salmoqqa ega. Qonun loyihasi aksiyadorlarning umumiy yig'ilishida jamiyatlarni o'rtacha muddatli va uzoq muddatli davrda rivojlantirish bo'yicha aniq strategiyani tasdiqlashga doir talablarga ega normalarni qonunchilik yo'li bilan mustahkamlash, ijro etuvchi organ va kuzatuv kengashining jamiyatlarni rivojlantirish strategiyasiga erishish yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar to'g'risidagi hisobotini muntazam ravishda eshitib borishni nazarda tutadi. Ayniqsa, shunisi muhimki, aksiyadorlik jamiyatlarining yirik aksiyadorlariga (aksiyalarning 25 foizidan ortig'iga egalik qiluvchilarga) ushbu jamiyatlarning minoritar aksiyadorlari oldida dividendlar bo'yicha qarz bo'lmagan taqdirda dividendlar to'lash to'g'risidagi norma mustahkamlab qo'yiladi. Kiritilayotgan tuzatishlar jamiyatda korporativ boshqaruvni rivojlantirishda, aksiyalarining hajmi kichik va tarqoqligi tufayli bugungi kunda amalda boshqarish hamda qarorlar qabul qilishdan mahrum bo'lgan minoritar aksiyadorlarning huquqlari va manfaatlarini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.

– Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida biz uni qo'mitada davlat boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyatlari institutlari vakillari, shuningdek, soha mutaxassislari hamda huquqshunoslar ishtirokida keng muhokama etdik, – deydi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasining a'zosi B.Temirxanova. – Bunda boshqa qo'mitalar va siyosiy partiyalar fraksiyalarining huquqiy hujjatni yanada takomillashtirishga qaratilgan barcha fikr-mulohazalari inobatga olindi. Shundan kelib chiqqan holda, biz qonun loyihasini Qonunchilik palatasida ko'rib chiqishning keyingi bosqichiga tayyorlash yuzasidan navbatdagi harakatlar rejasini ishlab chiqdik.

"Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Ushbu qonun loyihasi "Sog'lom bola yili" Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqildi. Hujjatning qabul qilinishi faqat sifatli yodli osh tuzi bilan ta'minlash orqali O'zbekiston Respublikasi aholisi orasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olishga va kamaytirishga qaratilgan.

Shundan so'ng deputatlar "Xususiy mulk huquqlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o'z kuchini yo'qotgan deb topish to'g'risida"gi qonun loyihasini ko'rib chiqdilar. Davlatimiz rahbari Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo'ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan majlisida tadbirkorlik subyektlari hamda xususiy mulk egalari uchun huquq va kafolatlarni qonunchilik yo'li bilan himoya qilish normalarini kuchaytirish zarurligini ta'kidlagan edilar.

Qonun loyihasi xususiy mulkni himoya qilishni va xususiy tadbirkorlik huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek, xususiy mulk huquqlarini buzganlik uchun shaxslarning javobgarligini oshirishga qaratilgan. Tuzatishlar Fuqarolik, Uy-joy, Soliq kodekslariga, "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida"gi qonunga hamda bir qator boshqa qonun hujjatlariga kiritilmoqda.

– Qonun loyihasida xususiy mulkni himoya qilishni va xususiy tadbirkorlik huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek, xususiy mulkni qonunga xilof ravishda olib qo'yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirishga doir chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda, – deya ta'kidladi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo'mitasining a'zosi Sh.Mamajonov. – Shuningdek, Fuqarolik kodeksida mulkiy huquqning bozor qiymatini baholash bevosita bunday mol-mulkni olib qo'yishdan oldingi yoki kelgusida olib qo'yilishi haqidagi xabar mol-mulk va mulkiy huquqning bozor qiymatiga ta'sir qilgan paytga baholovchi tashkilot tomonidan baholanishini nazarda tutuvchi qo'shimcha kiritish tartibi belgilab qo'yilmoqda.

Soliq kodeksida shunday norma mustahkamlanmoqdaki, unga muvofiq mulkdorlar davlat organlari va boshqa organlarning, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog'liq o'z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi haqida murojaat qilganda sudlarda davlat bojini to'lashdan ozod etiladilar. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi xususiy mulkdorlarni yanada samarali himoya qilishga, aybdorlar, shu jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan bunday huquqlarning buzilishiga yo'l qo'ymaslikka xizmat qiladi.

– Qonun loyihasi qo'mitamiz a'zolari tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar, huquq sohasidagi mutaxassislar bilan hamkorlikda har tomonlama ko'rib chiqildi, – deya qayd etdi Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo'mitasi a'zosi V.Svetkov. – Shuningdek, hujjat siyosiy partiyalar fraksiyalari va O'zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining majlislarida ularning partiyalari dasturlarini hamda saylovchilari fikrlarini inobatga olgan holda muhokama etildi. Majlislar ishtirokchilari mas'ul qo'mitaning qonun loyihasini Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o'qishda ko'rib chiqish uchun kiritish to'g'risidagi taklifini qo'llab-quvvatladilar.

Shuningdek, deputatlar "Radiochastota spektri to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida"gi, "O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida"gi va bir qator boshqa qonun loyihalarini ham ko'rib chiqdilar.

Majlis kun tartibiga kiritilgan masalalarni muhokama etish chog'ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O'zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining vakillari so'zga chiqdilar. Ular o'z partiyalari dasturlaridan va saylovchilarining fikrlaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda o'tkazilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, joylarda huquqni qo'llash amaliyotini samarali tatbiq etish, xalq turmushini yaxshilash uchun ko'rib chiqilgan qonun loyihalarining muhimligini qayd etdilar.

Yuqorida ko'rsatib o'tilgan qonun loyihalari har tomonlama muhokama etilganidan so'ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ularning konsepsiyalarini ma'qulladi va birinchi o'qishda qabul qildi. Mas'ul qo'mitalarga kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda hujjatlarni keyingi o'qishda ko'rib chiqish uchun tayyorlash topshirildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi
Axborot xizmati

Поделиться