O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi tarjima asarlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2017-01-21 | Madaniyat
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida jahon adabiyoti namunalarining o‘zbek tiliga, milliy adabiyotimiz asarlarining chet tillarga o‘girilgan tarjimalari taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori O.Holmuhamedov, "O‘zbekiston" nashriyot matbaa-ijodiy uyi direktorining birinchi o‘rinbosari A.Jo‘rayev, adabiyotshunos olim H.Boltaboyev va boshqalar milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish, ta’lim-tarbiya, ilm-ma’rifat kabi sohalarga ulkan e’tibor qaratish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularni har jihatdan komil shaxs etib voyaga yetkazishdek ezgu maqsadlarga yo‘naltirilganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda zamonaviy axborot-resurs markazlari, ma’rifat dargohlarini barpo etish, ularni ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash, kitob fondini yanada boyitishga oid bajarilayotgan ishlar yoshlarning kitobga mehrini oshirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida"gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, bir qator oliy o‘quv yurtlarida olimlar, adabiyotshunoslar, tarjimonlar tomonidan o‘zbek adabiyotining eng yaxshi namunalari chet tillarga hamda jahon adabiyotining sara asarlarini ona tilimizga o‘girish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jihatlar O‘zbekiston Milliy universiteti xorijiy filologiya fakulteti o‘qituvchi, yosh olim va talabalari izlanishlarida ham o‘z ifodasini topmoqda.
– Sohibqiron Amir Temurning hayoti, jahon tarixida tutgan o‘rniga oid xorijlik ijodkorlarning ko‘plab asarlari bor, – deydi O‘zbekiston Milliy universitetining fransuz filologiyasi fakulteti dotsenti Bahodir Ermatov. – Ayni damda Lyusen Kerenning "Amir Temur saltanati" nomli asari xolis va haqqoniyligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu asarni o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida muallifning obyektiv nigohi, Sohibqironga bo‘lgan ulkan ehtiromini o‘zbek o‘quvchilariga yetkazishga intildik.
Tadbirda tarjima san’atining o‘ziga xos jihatlari, tarjimonning ijodiy mahorati, adabiy mutarjimlik sohasini yanada rivojlantirish istiqbollari xususida atroflicha fikr yuritildi.
Anjumanda fransuz muarrixi Lyusen Kerenning "Amir Temur saltanati" nomli hamda nemis adibi Daniel Glattauerning "Shimol shamoli shashti" asarlari tarjimasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.