O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Markaziy saylov komissiyasi Prezident saylovining joriy yakunlarini e’lon qildi
2016-12-04 | Saylov
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida ovoz berishning joriy yakunlarini e’lon qildi.
4-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarida ovoz berish yakunlandi. O‘zbekiston Respublikasining Misr, Yevropa davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni davom etmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda 17 million 941 ming nafardan ziyod saylovchi ishtirok etdi. Bu jami saylovchilarning 87,83 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida xalqaro kuzatuvchilar, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda shu haqda ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarda mustahkamlangan xalqaro demokratik me’yor hamda tamoyillarga rioya etilgan holda ochiq va oshkora o‘tgani ta’kidlandi.
Mamlakatimiz fuqarolari saylovda yuksak siyosiy va fuqarolik faolligini namoyish etdi. Soat 11 ga qadar saylovchilarning 33 foizidan ortig‘i ovoz berishda ishtirok etgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Ayni paytda saylov uchastkalarida har bir nomzod uchun berilgan ovozlar sanab chiqilmoqda. Saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan 37 mingdan ziyod kuzatuvchi, xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Saylov davomida joylardan saylov qonunchiligi buzilishi haqida xabar kelib tushmadi.
5-dekabr kuni soat 16 da bo‘lib o‘tadigan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalari e’lon qilinadi. Shu kuni xalqaro kuzatuvchilar missiyalari ham matbuot anjumanlari o‘tkazadi.
Manba: O'zA