O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov saylovda ovoz berdi
2016-12-04 | Saylov
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov 4-dekabr kuni Toshkent shahridagi 584-saylov uchastkasida ovoz berdi.
Mustaqillik mohiyati va samarasi, avvalo, mamlakatimizda inson huquq-manfaatlari amalda to‘la ta’minlanganida namoyon bo‘ladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xalqimizning g‘ururini tiklash, dunyoda qudratli davlatga asos solish, tinchlik, bunyodkorlik, barqarorlik va farovonlik yo‘lida kurashishdek murakkab va mas’uliyatli vazifalarni bajarishda bosh-qosh bo‘ldi. Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishda bugungi Prezident saylovi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan. Saylovlar kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi, xalqning o‘z xohish-irodasi erkin ifodalanishi, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolar ishtirokining asosiy shaklidir. Mamlakatimizda yaratilgan saylov tizimi fuqarolarning eng muhim siyosiy huquqi to‘liq amalga oshishiga xizmat qilayotir.
Milliy qonunchiligimizda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani aks etgan. O‘zbekiston xalqini, millatidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi. Prezident saylovi buni yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Saylov xalqaro huquq normalariga mos, oshkoralik, ko‘ppartiyaviylik, erkinlik, tenglik tamoyillariga muvofiq o‘tmoqda. Bunda saylov tizimiga oid qonunchilikda fuqarolarning saylovoldi kampaniyasida va ovoz berishda erkin qatnashishi, ovoz berish yashirinligi, buni har bir fuqaroning o‘zi bevosita amalga oshirishi belgilab qo‘yilgani alohida ahamiyat kasb etdi.
Manba: O'zA