O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Keksa saylovchilar shukronasi
2016-12-04 | Saylov
Mamlakatimizda yaratilgan saylov tizimi fuqarolarning siyosiy huquqi to‘liq amalga oshishiga xizmat qilmoqda. Buning amaliy ifodasini xalqimizning Prezident saylovida faol ishtirok etayotganida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Poytaxtimizdagi urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 222-saylov uchastkasi tashkil etilgan. Bu yerda har bir saylovchi xohish-irodasini erkin ifoda etib, xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, Vatanimizning buyuk kelajagi uchun ovoz bermoqda.
– Ilgarigi saylovlarga odamlar hozirgidek qiziqmasdi, – deydi 67 yoshli Ne’mat Bobojonov. – Bir oilada necha kishi ovoz berish kerak bo‘lsa, hammasini bir odam borib qutiga tashlab kelaverardi. Ochig‘i, odamlar haqiqiy saylov nima ekanini mustaqillikdan keyin tushundi. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida o‘z konstitutsiyaviy huquqimdan foydalanib, ona zaminimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi uchun munosib nomzodga ovoz berganimdan xursandman.
– Asosiy qonunimizda yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi belgilab qo‘yilgan, – deydi urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati direktori, 222-uchastka saylov komissiyasi raisi Tursunmurod Eshiev. – Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlaydi. Pansionatimizda yashovchi 122 nafar yolg‘iz keksa saylovga oid qonun va qo‘llanmalar bilan tanishdi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida uni amaldagi qonunlarimiz bo‘yicha oshkoralik tamoyillari asosida yuqori saviyada o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan davra suhbati, seminar va boshqa tadbirlar tashkil etildi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yil 30-maydagi “2011-2015-yillarda yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Saxovat va Muruvvat uylari, qariyalar va nogironlar uchun sanatoriylar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan.
– Hukumatimiz tomonidan yoshi ulug‘ insonlarga, nogiron va imkoniyati cheklanganlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda, – deydi Ertoy Ababoyev. – Yoshi o‘tdi deb chetga surmay, aksincha, siyosiy jarayonlarda ularning tajribasi, fikri va maslahatiga hurmat bilan qaralmoqda. Prezident saylovi mamlakatimizning buguni va kelajagi uchun eng muhim siyosiy voqeadir. Oltmish to‘rt yoshga kirib, hayotimda ilk bor birovni ko‘magisiz, shaxsan saylovda qatnashdim. O‘z huquqimdan foydalanib, brayl alifbosi bo‘yicha tayyorlangan byulletenda yurtimiz baxtu iqboli, xalqimiz manfaati uchun odil va xalol xizmat qiladigan nomzodga ovoz berdim.
– Bugun yoshi ulug‘ va yolg‘iz insonlar qatori men uchun ham esda qolarli kun bo‘ldi, – deydi oltmish ikki yoshli Manzura Husainova. – Saylov va inson haq-huquqlari haqida o‘tkazilgan tadbirlarda juda qiziqib ishtirok etdik. Bu siyosiy jarayon bizni faollikka undadi. Men ovoz bergan nomzod shu aziz va muqaddas zamin osudaligi, xalqimiz kelajagi yo‘lida xizmat qilishiga ishonch bildiraman.