O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yosh posbonlar ovoz berdi
2016-12-04 | Saylov
O‘zbekistondagi tinchlik, osoyishtalik va farovonlik nafaqat dunyodagi boshqa xalqlarning havasini tortmoqda, xalqaro ekspertlar e’tirofiga ham sazovor bo‘layotir. World Justice Project tomonidan har yili e’lon qilinayotgan Qonun ustuvorligi indeksida O‘zbekiston mamlakatda tartib va xavfsizlikning ta’minlangani ko‘rsatkichi bo‘yicha MDH davlatlari orasida yetakchilik qilib kelayotgani buning isbotidir.
Bunda mamlakatimizda xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar jarayonida qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etayotir. 2016-yil 16-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni bilan soha faoliyati yanada takomillashtirilmoqda.
Tizimni nafaqat jismonan, balki ma’nan yetuk kadrlar bilan to‘ldirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bois Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti, Yong‘in xavsizligi oliy texnika maktabiga har tomonlama yetuk yoshlar o‘qishga qabul qilinmoqda va ular zamonaviy ta’lim standartlari asosida tarbiyalanayotir.
Mazkur oliy o‘quv dargohlarda ta’lim olayotgan yoshlar mamlakatimizdagi muhim siyosiy jarayon – saylovda faol ishtirok etmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tashkil etilgan 163-saylov uchastkasida saylovni yuqori saviyada, ochiq-oshkora, demokratik talablar asosida o‘tkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Yoshlar saylov qonunchiligi bilan chuqur tanishtirilishi bilan birga, ularning barchasi shu mavzudagi risolalar bilan ta’minlangan. Prezidentlikka nomzodlar, ularning saylovoldi dasturlari bilan tanishgan.
- Vatanimizning taraqqiyoti har birimizning nafaqat o‘z vazifamizni sidqidildan bajarish, balki uning istiqboli bilan bog‘liq bo‘lgan saylovda faol ishtirok etishimizga ham bog‘liq, – deydi akademiya 1-bosqich tinglovchisi Olimbek Mamajonov. – Chunki bu keyingi besh yillikda mamlakat taqdiri, taraqqiyotinini belgilashda alohida o‘rin tutadi. Saylovga alohida mas’uliyat bilan yondashib, nomzodlarning saylovoldi tashviqotlarini, chiqishlarini diqqat bilan kuzatdik. O‘ylaymanki, safdoshlarimning barchasi men kabi Vatanimizni yorug‘ istiqbolga yetaklaydigan munosib nozodga ovoz berdi.