O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bugun – Prezident saylovi kuni
2016-12-04 | Saylov
Bugun mamlakatimizda Prezident saylovi o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9 ming 383 saylov uchastkasida soat 6:00 dan ovoz berish boshlanadi.
Mustaqillik yillarida to‘plangan boy tajribaga tayangan holda ushbu ulkan siyosiy voqeaga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 saylov okrugi, mazkur okruglar tomonidan 9 ming 383 saylov uchastkasi tashkil etildi. Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida 44 saylov uchastkasi tuzildi. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi shakllantirilib, ularning faoliyatiga 98 mingdan ziyod kishi jalb qilindi. Barcha uchastkalarda ona va bola, tibbiyot xonalari tashkil etildi. Ovoz berish xonalari, qutilar, ko‘chma qutilar tayyorlandi. Uchastkalar saylovga oid qonun, yo‘riqnoma, qo‘llanma, zarur adabiyotlar, nomzodlar va ularning dasturlarini tanishtiruvchi plakatlar, telefon, komputer hamda internet bilan ta’minlandi.
Mamlakatimizdagi barcha siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish istagini bildirdi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Sarvar Otamuratovni, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Shavkat Mirziyoyevni, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Xatamjon Ketmonovni, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Narimon Umarovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatdi.
Nomzodlarga saylovoldi tashviqotini o‘tkazish, davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng sharoitlar yaratildi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar videokonferensiya tarzida o‘tkazilgani aholi keng qatlamlarini qamrab olish imkonini berdi. Fuqarolar nomzodlarning tarjimai holi, saylovoldi dasturi bilan atroflicha tanishdi.
Bu galgi Prezident saylovi yangi ijtimoiy-siyosiy, demokratiya yanada rivojlangan sharoitda o‘tadi. Keyingi yillarda mamlakatimiz Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar saylov tizimini takomillashtirdi. Buning samarasida saylovlarning ochiq-oshkora, xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos holda o‘tkazilishini ta’minlaydigan mukammal qonunchilik bazasi shakllandi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan demokratik islohotlar, hayot sifati o‘zgargani natijasida aholining siyosiy ongi, huquqiy madaniyati ham yuksalgan.
Saylovchilar uchun bir qator qulaylik va sharoitlar yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir taklifnoma va saylov byulletenining yangi varianti ishlab chiqildi. Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida har bir saylov uchastkasi pandus bilan jihozlandi. Kabinalarning biri nogironlarning ovoz berishi uchun ajratildi.
Ko‘zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzusi bo‘yicha turli risolalar chop etildi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib mamlakatimizda ilk marta ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlari tayyorlanib o‘z egalariga yetkazildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 24-noyabrdan 2-dekabrga qadar davom etdi.
Soat 6.00 da boshlanadigan saylovda 20 milliondan ziyod saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda. Shundan 550 ming yigit-qiz birinchi marta ovoz beradi. Yurdoshlarimizning o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, 4-dekabr kuni poytaxtimiz va boshqa shaharlarda jamoat transporti aholiga bepul xizmat ko‘rsatadi.
Saylovning ochiq va oshkoraligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini 44 davlat va besh xalqaro tashkilot – YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti vakillari kuzatayotib bormoqda. Saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda. Saylov jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1 ming 400 dan ortiq vakili yoritib bormoqda.