O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro Ekspertlar: “O’zbekistonda demokratik saylov tizimi shakllantirilgan”
2016-12-03 | Saylov
Ertaga - 4 dekabr kuni O’zbekiston fuqarolari davlat rahbarini saylaydi. Ushbu muhim voqyea arafasida poytaxtimizda O’zbekiston va rivojlangan davlatlar tajribasi misolida Prezident saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini o’rganishga bag’ishlangan xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi.
Tadbirda saylov sohasi bo’yicha faoliyat yurituvchi dunyoning 20 dan ziyod davlati mutaxassislari va ekspertlari, O’zbekistonga saylov jarayonlarini monitoring qilish uchun kelgan xalqaro kuzatuvchilar, Shanxay Hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari uyushmasi kabi bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari ham ishtirok etishdi.
Ochiq va samarali muzokaralar ruhida o’tgan yalpi yig’ilish doirasida davlat rahbari lavozimiga saylovlarning turli jihatlari namoyish etildi va muhokama qilindi.
O’zbekistonning demokratik saylovlar o’tkazish tajribasi bilan tanishar ekan, anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda saylovlarning asosiy tamoyillari etib mustahkamlab qo’yilgan umumiy, teng va to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish hamda oshkoralik va ochiqlikni o’zida namoyon etgan samarali saylov qonunchiligi shakllantirilganligini bir ovozdan qayd etishdi. Qatnashchilar boshqa demokratik yangilanishlarning ajralmas qismi va ular bilan o’zaro bog’liq bo’lgan saylov tizimining bosqichma-bosqich va izchil tarzda demokratiyalashuvi va liberallashuvini olqishladilar.
Shu o’rinda 2010 yilda O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi. Mazkur konsepsiyaga asosan Konstitutsiya va O’zbekiston Respublikasining Qonunlariga kiritilgan o’zgarish va qo’shimchalar qat'iylik xususiyatiga ega bo’lib, saylov tizimini yanada demokratlashtirishga yo’naltirildi.
Konferensiya ishtrokchilari 2016 yil 4 dekabr kuni bo’lib o’tadigan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik va uni o’tkazishning me'yoriy-huquqiy asosini takomillashtirish hamda uning amaliyotini ijobiy baholadilar. Jumladan, 2015 yil dekabr oyida o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilgan bir qator qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlarga ko’ra, prezidentlikka nomzod ko’rsatish uchun zarur bo’ladigan imzolar sonining qisqartirilgani, saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uni o’tkazish shakllari, turlari va usullari to’g’risidagi me'yorning mustahkamlangani, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi, muddatidan oldin ovoz berish muddatlari, tartibi va jarayoni mustahkamlab qo’yilgani, ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida “sukunat kuni” o’rnatilishi hamda boshqa masalalarning ahamiyati qayd etildi.
Anjuman doirasida qatnashchilar O’zbekiston milliy saylov qonunchiligining o’ziga xos jihatlari, Germaniyada saylovchilarning o’z xohish irodasini erkin ifoda etish amaliyoti, Niderlandiyada siyosiy guruhlar, nomzodlar va saylovchilarning huquq va burchlarini ta'minlash borasida to’plangan tajribalar, Amerika Qo’shma shtatlarida Prezident saylovlari o’tkazilishining tashkiliy jihatlari hamda Fransiyada saylov kampaniyasining borishida jamoatchilik fikri so’rovnomasining tutgan o’rni kabi masalalar bilan tanishdilar.
O’zbekiston Markaziy saylov komissiyasining Butunjahon saylov organlari uyushmasi bilan hamkorligiga alohida e'tibor qaratildi.
- Mustaqillik yillarida O’zbekistonda saylovlarning asosiy tamoyillari sifatida mustahkamlab qo’yilgan fuqarolarning umumiy, teng va to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish hamda saylov jarayonlarining oshkora va ochiqligini aks ettirgan mustahkam qonunchilik yaratildi, - deydi Butunjahon saylov organlari uyushmasi bosh kotibi Kim Yong Xi. - Quvonarlisi, yaratilgan huquqiy asos zamonning talablariga ko’ra doimo takomillashtirib boriladi. Bu to’g’ri yo’nalishdagi juda yaxshi harakatdir.
O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining saylovoldi kampaniyasini yuksak darajada, sog’lom raqobat va fikrlar xilma-xilligi muhitida tashkil etish borasidagi faoliyati yuksak bahoga munosibdir. U shuningdek, saylovchilarning siyosiy madaniyatini oshirish, ularga o’z konstitutsiyaviy huquqlarini tushuntirish va saylov qonunchiligidan xabardor qilib borish yuzasidan keng targ’ibоt ishlarini ham olib bormoqda.
O’z navbatida, Saylov tizimlarini o’rganish xalqaro markazi prezidenti Aleksandr Sinker (Isroil) quyidagi mulohazalarni bildirdi:
- Biz O’zbekiston yildan yilga jadal rivojlanib borayotganining guvohi bo’lyapmiz. Ijtimoiy-iqtisodiy o’sish bilan bir qatorda davlatchilikning izchil mustahkamlanishi kuzatilmoqda, demokratik jarayonlar chuqurlashib bormoqda. Saylov qonunchiligining takomillashib borayotgani alohida e'tiborga sazovordir. Mamlakatingizda xalqaro demokratik tamoyillar va andozalarni hamda davlat qurilishining milliy tajribasini o’zida mujassam etgan yangi milliy saylov tizimi shakllantirildi.
Shu bilan birga, biz ushbu saylov tizimiga boshqa saylov tizimlariga bo’lgani kabi hurmat bilan yondoshamiz. O’zbekiston qonunchiligi izchil rivojlanmoqda. Masalan, 2015 yilda bo’lib o’tgan Prezident saylovidan keyin O’zbekiston milliy qonunchiligining saylovoldi tashviqotni olib borish, ovoz berishni tashkil etish, Markaziy saylov komissiyasi faoliyati qismlari va boshqa yo’nalishlarga o’zgartirishlar kiritildi. Ushbu bosqichda mazkur qonunchilikka rioya etilishini ta'minlash muhimdir.
Menga bu galgi saylovda ommaviy axborot vositalarining faoliyati juda ma'qul bo’ldi. Ularning harakati tufayli, Isroilda bo’lishimga qaramay, butun saylovoldi jarayonlarni kuzatib borish, barcha nomzodlar haqidagi ma'lumotlar va ularning saylovoldi dasturlari bilan tanishish, ularning saylovchilar bilan uchrashuvlaridan xabardor bo’lish imkoniyatiga ega bo’ldim. Demakki, ommaviy axborot vositalari saylov jarayonlarining bevosita ishtirokchilariga aylanishdi. O’ylashimcha, OAVning yana bir vazifasi bor, bu ham bo’lsa fuqaroviy nazorat vazifasi bo’lib, ular Markaziy saylov komissiyasi bilan bevosita ishlash imkoniyatiga egalar. Ushbu hamkorlik qanchalik faol bo’lsa, xalqning saylovga ishonchi ham shuncha ortadi. O’ylaymanki, bu boradagi ishlar davom ettirilishi kerak.
So’nggi oylarda mamlakatda hokimiyat almashishi munosabati bilan xalqaro hamjamiyatning katta e'tibori O’zbekistonga qaratildi. Biz ushbu jarayonning tinch, hyech bir siyosiy va iqtisodiy tartibsizliklarsiz o’tganidan xursandmiz va bu O’zbekistonda fuqarolik jamiyatining asosi qo’yilgani, uning davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligining barqaror tizimi shakllanayotganidan darak beradi.
Den Barton, AQSh Kongressining sobiq a'zosi hamda Yevropa, Yevroosiyo va yuzaga keluvchi tahdidlar bo’yicha quyi qo’mita raisi (AQSh):
- Men Toshkent shahridagi uchta saylov uchastkasida bo’ldim. Ularning barchasida tayyorgarlik yuqori darajada amalga oshirilgan: uchastkalar barcha zarur texnik va axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan, saylovchilarga barcha imkoniyatlar yaratilgan, saylov uchastkalariga bora olmaydigan imkoniyati cheklangan fuqarolarga alohida e'tibor qaratilgan - ularning o’z uyida ovoz berishi tashkil etiladi. Bunday munosabat hurmatga sazovor va barcha fuqarolarga o’z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanish imkoniyatini beradi.
Umuman olganda, Prezident saylovi oshkoralik va transparentlik ruhida bo’lib o’tadi. Aminmanki, uning natijalari O’zbekistonning demokratiya yo’lida yanada oldinlashiga xizmat qiladi.
O’zbekistonga bir necha bor kelarkan, o’lkangizni sevib qolganman. Mamlakatingizda hukmron bo’lgan tinchlik va osoyishtalik, barqarorlik va jipslikning o’zi ham kishini ilhomlantiradi.
Frederik Star, Jon Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari (AQSh):
- O’zbekiston natijalari nafaqat mamlakat taraqqiyotining asosiy yo’nalishlarini belgilab beradigan, balki butun Markaziy Osiyoning taqdiriga ta'sir ko’rsatadigan juda muhim ijtimoiy-siyosiy voqyea ostonasida turibdi. Mamlakatingiz demokratik tamoyillar va xalqaro tajribalarga amal qilinishining namunasi bo’lishi mumkin.
Kuzatuvlar shuni ko’rsatadiki, saylov kampaniyasi osoyishta va yuksak tashkiliy darajada o’tmoqda. Saylovning muhim jihati uning xalqaro andozalarga mosligidadir. Shu munosabat bilan so’nggi yillarda mamlakatingizda saylov tizimini isloh qilish bo’yicha ulkan ishlar amalga oshirilganini qayd etish quvonarlidir. Shunga asoslanib, bu galgi saylov ham muvaffaqiyatli o’tishini tasdiqlay olamiz.
Xorijliklar, xususan, g’arb olami uchun saylov jarayonlarining eng muhim asosi siyosiy partiyalarning takomillashuvi va rivojlanishi hisoblanadi. Ko’plab g’arb davlatlaridan farqli o’laroq, O’zbekistonda partiyalar o’ta teran va puxta o’ylab tuzilgan. Ular tashkil qilindan boshlab o’tgan yillar davomida mamlakatni rivojlantirish bo’yicha o’zlarining aniq qarashlarini belgilagan holda, o’z mustaqillik va alohidalik xususiyatlariga egaliklarini namoyish etishdi.
Bu galgi saylov kampaniyasining muhim jihatlaridan biri ularda O’zbekistonning siyosiy partiyalari siyosiy jarayonlarning haqiqiy sub'yektlari sifatida qatnashayotganlaridir.
Vladimir Churov, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Maxsus topshiriqlar bo’yicha elchisi:
- Men ilgari ham O’zbekistonda bo’lib o’tgan saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashganman. O’zbekiston Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishuvga ko’ra, bu gal biz Farg’ona, Andijon va Namangan viloyatlarida saylov jarayonlarini kuzatamiz. Umid qilamanki, izchil kuzatuvlarimiz natijasida biz O’zbekistonning turli hududlarida saylov tashkil etilishining manzarasini yarata olamiz. Saylov uchastkalariga borish bilan birga yuqorida aytilgan viloyatlarning hokimiyatlarida qator uchrashuvlar o’tkazishimiz ham rejalashtirilgan.
Kuzatuvlarimiz yakuniga ko’ra biz O’zbekistonning saylov tizimi haqida batafsil va mukammal tahliliy material tayyorlaymiz.
Aytishim mumkinki, Rossiyada bo’lgani kabi, O’zbekistonda ham saylov tizimini rivojlantirishning asosiy maqsadi saylovchilar uchun ovoz berish sharoitlarini yaxshilash hamda ko’proq shaffoflikni ta'minlash hisoblanadi. Aynan shuning uchun, biz ko’rayotganimizdek, mamlakatingizga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi kuzatuvchilarining to’laqonli missiyasi, Mustaqil Davlatlar hamdo’stligi, Shanxay Hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalarning vakillari, ko’plab xalqaro kuzatuvchilar saylovni monitoring qilish uchun kelishgan.
So’nggi bir necha oyda juda muhim siyosiy voqyealar - ko’plab yetakchi davlatlarda, jumladan, O’zbekistonda ham Prezident saylovi bo’lib o’tmoqda. Va ularning barchasi, shubhasiz, zamonaviy dunyoda sodir bo’layotgan demokratik jarayonlarni rivojlantirish sari muhim qadamlar hisoblanadi.