O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xalqaro kuzatuvchilar uchun brifing

2016-12-02 | Saylov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida 2-dekabr kuni xalqaro kuzatuvchilar uchun brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasining missiyalari a’zolari, xorijiy davlatlar kuzatuvchilari, chet el hamda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov joriy yilning 4-dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hayotida g‘oyat muhim o‘rin tutadigan ijtimoiy-siyosiy tadbir ekanini ta’kidladi. 

Ushbu siyosiy tadbirga tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnik jihatdan yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rish, uni milliy saylov qonunchiligimizda mustahkamlab qo‘yilgan demokratik prinsiplarga to‘liq muvofiq holda, ochiq-oshkora va adolatli o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. 

Xalqaro kuzatuvchilarga mustaqillik yillarida Prezident saylovi jarayonini tartibga soladigan qonunlar yaratilgani haqida ma’lumot berildi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa qonun hujjatlari shular jumlasidandir. 

Ushbu sohada qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlar adolatlilik, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik prinsiplari asosida fuqarolarning saylov huquqlariga so‘zsiz rioya etish, saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar, Prezidentlikka nomzod ko‘rsatadigan siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylov kampaniyasi davomida keng va teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. 

Saylov kampaniyasi doirasidagi barcha tadbirlarni ochiq va oshkora, qonunchilikka muvofiq o‘tkazish maqsadida yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Saylovni o‘tkazuvchi 9 ming 378 saylov uchastkasi ovoz berishga tayyor holga keltirildi. 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda uchastka saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmasini mustahkamlash maqsadida uch bosqichda – respublika, viloyat va tumanlar miqyosida seminar-treninglar o‘tkazildi. Saylov uchastkalari zarur huquqiy adabiyotlar, normativ-huquqiy hujjatlar bilan to‘liq ta’minlandi. Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida saylov uchastkalarida panduslar o‘rnatildi, kabinalardan biri nogironlar uchun hozirlab qo‘yildi. Brayl alifbosida ko‘zi ojiz saylovchilarga mo‘ljallangan saylovga oid turli risolalar tayyorlandi, ilk marta ular uchun maxsus saylov byulletenlari chop etildi. 

Milliy saylov amaliyotimiz tarixida birinchi bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi qabul qilindi. 

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar doirasida aholining keng qatlami, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beruvchi fuqarolar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiy xizmatchilar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mehnat jamoalari, o‘quv muassasalari vakillari, shuningdek, xorijdagi yurtdoshlarimiz qamrab olindi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklikda fuqarolarning huquqiy madaniyati va elektoral faolligini yanada oshirish maqsadida turli aksiyalar o‘tkazildi. 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezidentlikka nomzodlar ro‘yxatga olinganidan so‘ng, ya’ni 28-oktabrdan e’tiboran saylovoldi tashviqoti boshlandi. Nomzodlar mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘z g‘oya va qarashlari, taklif va tashabbuslari bayon etilgan dasturlarini jamoatchilikka yetkazish maqsadida keng ko‘lamli tashviqot tadbirlarini olib bordi. Prezidentlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari barcha saylov okruglarida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Nomzodlarning saylovoldi tashviqotini amalga oshirish jarayonlari mamlakatimiz qonunchiligi va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq amalga oshirildi. 

Siyosiy partiyalardan tushgan taklif va istaklarni inobatga olib, har bir nomzodga o‘z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” tele- va radiokanallarida 638 daqiqadan, Milliy teleradiokompaniyaning 12 hududiy telekanallarida 206 daqiqa, “Toshkent” teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratildi. 

“Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalarida 6 sahifadan, iborat nashr maydoni bepul berildi. Bundan tashqari, hududlardagi 30 mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul taqdim qilindi. 

Turli millat vakillari bo‘lgan fuqarolarga saylovoldi tashviqoti materiallari bilan tanishishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar tojik tilidagi “Ovozi tojik”, “Ovozi Samarqand”, qozoq tilidagi “Nurli jol” gazetalarida bepul nashr maydonidan foydalandi. Umuman olganda, saylov kampaniyasi jarayonlari haqidagi axborotlar mamlakatimizdagi OAVlarda 17 tilda chop etilmoqda. Bundan tashqari, koreys tilidagi “Koryo Sinmun”, “Txonil-Edinstvo”, arman tilidagi “Apaga” kabi nashrlar ham o‘z mushtariylarini ushbu jarayonlar to‘g‘risida xabardor qilishlari diqqatga sazovordir. 

Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi e’lon qilinishi bilan bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlar ekspertlarini saylov jarayonini kuzatish uchun taklif etdi. Bugungi kunda Prezident saylovi kampaniyasini kuzatish bo‘yicha YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyalari faoliyat olib bormoqda. Bu jarayonda yuqorida qayd etilgan tashkilotlar vakillari qatorida dunyoning ellikka yaqin mamlakatidan 500 nafardan ortiq davlat va jamoat arboblari, parlament va saylov organlari vakillari, huquqshunos olimlar, siyosatshunoslar ishtirok etishi kutilayotir. Bundan tashqari, siyosiy partiyalarning 37 ming 500 nafarga yaqin vakili saylov jarayonida kuzatuvchi sifatida qatnashadi. 

Saylovning ochiq va oshkoraligini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari faoliyati uchun barcha sharoit yaratib berilgan. Bu borada Prezident saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi hamda okrug saylov komissiyalari matbuot markazlarining roli katta bo‘lmoqda. Bugungi kunga qadar ular tomonidan saylov kampaniyasining muhim bosqichlariga bag‘ishlangan qariyb 140 matbuot anjumani va brifinglar o‘tkazildi. Saylov komissiyalari tomonidan ommaviy axborot vositalarining 1 ming 400 dan ortiq vakili ro‘yxatga olindi. Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan saylovga chet ellik jurnalistlar ham katta qiziqish bilan qaramoqda. Saylovni 100 nafardan ziyod xorijlik jurnalist yoritib boradi. 

Markaziy saylov komissiyasi saylov kuni jamoatchilikni ovoz berishning borishi haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida bo‘lib o‘tadigan onlayn brifinglar orqali xabardor qilib boradi. 

 
 

Поделиться