O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Huquqiy madaniyatni yuksaltirish yo‘lida
2016-10-28 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi va Toshkent tibbiyot akademiyasi hamkorligida «Huquqiy madaniyatni yuksaltirish – yoshlarning keng dunyoqarash va chuqur bilimga ega bo‘lishining muhim omilidir» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Toshkent tibbiyot akademiyasining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Parlament quyi palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi R.Komilov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, yoshlarga jahon andozalari darajasida ta’lim berish borasida amalga oshirilgan ishlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
Yurtimizda har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni kamolga yetkazish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Qonunchilik sohasida yoshlarning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya etishga doir yigirmadan ortiq qonun qabul qilinib, o‘ttizdan ortiq xalqaro hujjat ratifikatsiya qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev joriy yil 14-sentabr kuni imzolagan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbirda yoshlarning siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalishi mamlakatimizning har jihatdan rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi. Shuningdek, deputatlar oldida turgan muhim vazifalardan biri, yosh avlodning huquqiy ko‘nikmalari va jamiyatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar jarayonidagi faolligini yanada oshirish ekanligi ta’kidlandi. Yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qonun hujjatlari mazmun-mohiyati tushuntirilib, yigit-qizlarning bu boradagi mas’uliyati haqida so‘z yuritildi. Talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.