O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

my.gov.uz – muammoning oson yechimi

2016-10-28 | Texnologiyalar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali jismoniy va yuridik shaxslardan joriy yilda 800 mingdan ortiq murojaat tushgan bo‘lsa, mingga yaqin minnatdorlik maktubi ham qabul qilingan.

“Buni xaqiqiy elektron davlat xizmati desa bo‘ladi”, deb yozgan fuqaro U.Abdullayev. M.Mamajonov “tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklardan minnatdorman”, G.Ametova “tezkorlik va qulaylik uchun rahmat”, degan. 

Mazkur portal fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkorlik bilan qabul qilish, tegishli organlarga yetkazishda muhim vositaga aylandi. 

O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni asosida elektron shaklda murojaat qilish huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Bu fuqarolarning huquq va manfaatlari ta’minlanishi uchun keng qulaylik yaratmoqda. 

Bugungi kunda my.gov.uz olti yuzdan ziyod davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, idora va tashkilotni qamrab olgan. Murojaat etuvchi ariza yoki shikoyatining mazmuniga qarab uni tegishli organga jo‘natish imkoniyatiga ega. Murojaat onlayn tarzda, shu vaqtning o‘zida kerakli joyga yetib boradi. Fuqarolarning idorama-idora yurishi, qog‘ozbozlik, ortiqcha sarf-xarajatlarga ehtiyoj yo‘q. O‘zlarini o‘ylantirayotgan savol yoki muammo yuzasidan o‘z vaqtida javob olmoqda. 

– 2016-yilda yagona portalda yangi 24 interaktiv davlat xizmati joriy qilindi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati rahbari E.Dolimov. – Bugungi kunda davlat tashkilotlariga murojaat etish hamda davlat organlari rahbarlari qabuliga yozilish kabi asosiy xizmat bilan birgalikda sog‘liqni saqlash, aloqa, transport, mehnat, ijtimoiy himoya, bojxona, soliqqa oid 290 dan ziyod interaktiv xizmat ko‘rsatilmoqda. 
 

2016-yilning o‘tgan davrida my.gov.uz orqali 800 mingdan ortiq murojaat qabul qilingan. Ularda ko‘tarilgan masalalarning aksariyatiga yechim topilgan. 

Yagona portal orqali tadbirkorlarga jami 190 dan ortiq turdagi interaktiv xizmat ko‘rsatilmoqda. O‘tgan davrda tadbirkorlardan 463 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Ular yuzasidan tegishli xizmatlar ko‘rsatilgan. 

“Tadbirkorlik” axborot tizimi kompleksini joriy qilish doirasida Yagona portalda “Tadbirkorning shaxsiy kabineti” ishga tushirilgan bo‘lib, u orqali tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tishi mumkin. Mazkur avtomatlashtirilgan tizim orqali yil boshidan beri 6 mingdan ziyod tadbirkor elektron shaklda davlat ro‘yxatidan o‘tdi. Bu tizim orqali soliq, statistik va boshqa hisobotlarni onlayn ravishda topshirish, to‘lovlarni amalga oshirish, davlat xaridlari bo‘yicha e’lonlarni ko‘rish mumkin. 

Murojaat etuvchilarning barcha huquqlari kafolatlangan. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va mas’ul ijrochilari interaktiv davlat xizmatlarini joriy etish va ko‘rsatish, ularning o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rsatilishi yuzasidan shaxsan javob beradi. 

Bugungi kunda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvali nafaqat ma’muriy binolar, balki davlat organlarining rasmiy veb-saytida, jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan o‘rin olgan. Bu yurtdoshlarimizning xabardorligini oshirib, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olmoqda. 

Yagona portaldan yurtdoshlarimiz login, yagona identifikatsiya tizimi (Id.uz), elektron raqamli imzo (ERI) hamda UzCard tizimi orqali foydalanishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi o‘z “shaxsiy kabineti”ga kirgach, u orqali murojaatlarini Yagona portalga ulangan barcha tashkilotlarga jo‘natishi mumkin. 

Yagona portal orqali yo‘llangan murojaatni ko‘rib chiqish muddati va tartibi yozma murojaatlar uchun belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi. Ammo amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat hollarda javoblar juda qisqa muddatlarda taqdim etilmoqda. Murojaatni qabul qilgan davlat tashkiloti foydalanuvchiga uning murojaatini qabul qilganini SMS-xabarnoma orqali yoki boshqa qulay usulda ma’lum qiladi. 

“Shaxsiy kabinet” orqali yuborilgan murojaat davlat organi tomonidan majburiy qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishi kerak. Murojaat unda ko‘rsatilgan masalalarni hal etish vakolatiga ega bo‘lmagan davlat organlariga kelib tushsa, besh kun muddatdan kechiktirilmay foydalanuvchini xabardor qilgan holda tegishli davlat organiga yuboriladi. 

Internetdan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan fuqarolar uchun Yagona portalning ma’lumotlar markazi (Call-center) faoliyat yuritmoqda. Uning 1060 qisqa telefon raqami orqali joriy yilning o‘tgan davrida aholidan 50 mingdan ziyod murojaat tushgan. Ularning barchasi tegishli tartibda ko‘rib chiqilgan. 

Hozir Yagona portalning yanada qulay yangi versiyasini yaratish bo‘yicha “LG CNS Uzbekistan” qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Uni ishga tushirish 2017-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan. 

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda murojaat yo‘llash nafaqat oson va qulay, balki ishonchli hamdir. Buning natijasida ayrim byurokratik to‘siqlar bartaraf etilayotir. Bir so‘z bilan aytganda, “elektron hukumat”ning rivoji odamlar manfaatlarini muhofazalash, jamiyatimizda adolatni ta’minlashga xizmat qilmoqda. 
 
 

Поделиться