O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Okrug saylov komissiyalari a’zolari uchun seminar-trening
2016-09-28 | Saylov
Toshkentda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zolari uchun onlayn seminar-trening tashkil etildi. Unda Markaziy saylov komissiyasi va barcha okrug saylov komissiyalarining a’zolari, matbuot markazlari rahbarlari, saylov huquqi bo‘yicha ekspertlar, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan seminar okrug saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va uni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, okrug saylov komissiyalari faoliyatini tashkil qilish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov shu yil 4-dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea ekanini alohida ta’kidladi. Yurtimizning kelajagi, uning yanada taraqqiy etishi bo‘lajak saylovning yuqori saviyada tashkil etilishi, unda saylovchilarning faolligiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida demokratik talablarga va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish kafolatlarini ta’minlaydigan milliy saylov tizimi yaratildi.
Qonunchiligimizda Markaziy saylov komissiyasi rahbarligida saylovlarning qonun talablariga to‘la muvofiq ravishda tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlaydigan, faqat qonunga bo‘ysunadigan mustaqil saylov komissiyalari tizimining mustahkamlab qo‘yilgani milliy saylov tizimining eng muhim xususiyatidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hokimiyat organlarining hech qanday aralashuvisiz saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni ta’minlaydigan, davlat hokimiyati tizimida alohida o‘rin tutgan konstitutsiyaviy organ maqomiga ega. U o‘z faoliyatini mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilik prinsiplari asosida olib boradi.
Seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qonun hujjatlari va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq saylovga tayyorgarlik ko‘rilayotgani aytib o‘tildi. Siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishga ijozat berildi. Saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari shakllantirilib, ularning faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Saylovning ochiq va oshkoraligini, transparentligini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda, xalqaro kuzatuvchilarga taklifnomalar yuborildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq okrug saylov komissiyalari zimmasiga qator vazifalar yuklangan. Saylovga oid qonunlarning okrug hududidagi ijrosini nazorat qilish, uning bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash shular jumlasidandir. Ular, shuningdek, saylov uchastkalarini tuzadi, ularning okrug bo‘yicha tartib raqamini belgilaydi hamda manzilini ko‘rsatgan holda ro‘yxatini e’lon qiladi. Uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Siyosiy partiyalar vakillarining, saylov okrugi hududida joylashgan korxonalar, muassasa hamda tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotlarini eshitadi.
Seminarda alohida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari o‘z ishida qonuniylik, saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligi kabi tamoyillarini ta’minlashga doimiy e’tibor berishi lozim.
Seminar-trening davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining asosiy vazifalari, milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar bilan o‘zaro munosabatlari, xalqaro saylov standartlari, fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari, saylovning ochiq va oshkoraligini ta’minlashda matbuot markazlarining vazifalari ko‘rsatib berildi. Kuzatuvchilar institutining saylov jarayonidagi o‘rni va ahamiyati, okrug saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy jihatlari, shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Seminar ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi, Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishdi.