O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Toshkent” xalqaro aeroportida “Boeing-787 Dreamliner” samolyoti taqdimoti bo‘lib o‘tdi

2016-08-31 | Iqtisodiyot

Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 2016-yilda “Boeing-787” havo laynerlarining eng zamonaviy avlodiga mansub ikkita yangi samolyot bilan ta’minlanishini aytgani esimizda. Mustaqilligimizning 25-yillik bayrami arafasida ularning dastlabkisi mamlakatimizga keldi.

79d6713f-c4da-2034-3989-99acbd0d0ea3.jpg

Shu munosabat bilan “Toshkent” xalqaro aeroportida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori Valeriy Tyan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen va boshqalar O‘zbekistonda zamonaviy moddiy-texnik baza hamda yuqori malakali mutaxassislarga ega fuqaro aviatsiyasi tashkil topgani, havo kemalari parki muntazam yangilanib borilayotganini alohida ta’kidladi. 

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti – IKAOga a’zo bo‘ldi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi xalqaro aviatashuvlar bozorida munosib o‘rin egalladi. 

Mamlakatimiz aeroportlarida xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro fuqaro aviatsiyasining “Aeroport” assotsiatsiyasi tomonidan “Urganch” xalqaro aeroporti 2015-yilning eng yaxshi aeroporti, deb topildi, “Turizm sohasiga qo‘shgan ulkan hissasi” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2014-yilning iyun oyida uchta aeroport 2013-yilgi faoliyati yakunlari bo‘yicha “MDH mamlakatlaridagi eng yaxshi aeroport” tanlovining turli nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldi. Misol uchun, yiliga yuz mingdan yarim milliongacha yo‘lovchi tashilayotgan “Buxoro” aeroporti “Barqaror rivojlanayotgan aeroport” maqomiga sazovor bo‘ldi. “Samarqand” va “Urganch” xalqaro aeroportlari “Ishlab chiqarishni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi” nominatsiyasida g‘olib chiqdi. 

Zamonaviy aviatsiya texnikasi mamlakatimiz havo kemalari parvozlarining xavfsizligi, barqarorligi va muntazamligini ta’minlamoqda. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bu borada 1996-yildan buyon AQShning dunyoga mashhur “Boeing” korporatsiyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Shu kungacha milliy aviakompaniyamiz yigirmaga yaqin “Boeing” samolyotini xarid qilgan. O‘rta magistralli Airbus A320 laynerlari, yo‘lovchi va yuk tashish uchun mo‘ljallangan Boeing-767 samolyotlaridan samarali foydalanilmoqda. “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasida nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa ko‘plab davlatlar aviakompaniyalarining shu rusumdagi samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatilmoqda. 

Uchuvchi-texnik tarkib, texnik xizmat ko‘rsatish mutaxassislari tayyorlash borasida ham hamkorlik qilinmoqda. O‘zbekistonlik uchuvchi va texnik xodimlar “Boeing” o‘quv markazlarida malaka oshirmoqda.

“Boeing-787 Dreamliner” bugun dunyodagi eng zamonaviy samolyotdir. Uning nomi inglizchadan tarjima qilinganda “Orzu layneri” degan ma’noni anglatishi ham bejiz emas. 

Ushbu havo kemasining aksariyat qismi noyob kompozitsion materialdan ishlangan. Bu uning vaznini yengillashtirish, parvoz xususiyatlarini yaxshilash imkonini bergan. Samolyot ishonchlilik, xavfsizlik va tejamkorlik nuqtai nazaridan ham ko‘plab afzalliklarga ega. Shu bois u uzoq va o‘ta uzoq masofalarga to‘xtovsiz ucha oladi. “Dreamliner” O‘zbekistondan AQSh, Kanada, Avstraliya va Afrika mamlakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qilishi mumkin. 

Ilg‘or innovatsion texnologiyalar asosida yaratilgani undagi qulayliklarni yanada oshirgan. Boeing-767 samolyotiga nisbatan uning yoqilg‘i sarfi 10 foizga kam, saloni diametri esa 1 metr keng. Layner uchish tezligining yuqoriligi Toshkentdan Moskvaga 10 daqiqa, London va Parijga esa 20-30 daqiqaga tezroq yetib borish imkonini beradi. Samolyot saloni dizayniga ham yangicha yondashilgan, maxsus konstruksiyadagi o‘rindiqlar bilan jihozlangan. 246 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan mazkur avialayner parvozlarni maroqli o‘tkazish imkonini beruvchi qulay o‘rindiq va kommunikatsiya texnologiyalari, maxsus pol qoplamalar, yangicha yoritish va shovqin o‘tkazmaydigan tizimlar bilan jihozlangan. Uning tashqi shovqin tovushi avvalgi modellarga nisbatan ikki barobar pasaytirilgan. 

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi MDH davlatlari orasida ikkita “Boeing-787 Dreamliner” samolyotini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan birinchi aviakompaniyadir. 

Yangi samolyotlardan foydalanish uchun yer usti infratuzilmasi, muhandis-texnikaviy va uchuvchilar tarkibini tayyorlash bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasida yuqori malakali 18 uchuvchi va 2 uchuvchi-instruktordan iborat yangi guruh shakllantirildi. “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasida 64, jumladan, texnik xizmat ko‘rsatuvchi 6 instruktor tayyorlandi. 

– O‘zbekistonlik uchuvchilar bilan birgalikda “Boeing-787 Dreamliner” samolyotida Toshkentga uchib keldik, – deydi AQShning “Boeing” kompaniyasi uchuvchi-instruktori Yen Salliven. – Havo transportida ishlash – bu juda katta mas’uliyat, chuqur bilim, qobiliyatni talab etadi. O‘zbekiston havo transporti mutaxassislarining professionalligini alohida ta’kidlashni istardim. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini mamlakatingiz davlat mustaqilligining 25-yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. O‘zbekistonga ravnaq, xalqingizga baxt-saodat, farovonlik va ulkan zafarlar tilayman. 

“Boeing-787 Dreamliner” samolyotini O‘zbekistonga milliy aviakompaniyamiz ekipaji – uchuvchi-instruktor Iosif Zak, “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi Uchuvchilar majmuasi yangi “Boeing-787 Dreamliner” uchuvchilar otryadi komandiri Asadjon Tursunov hamda aviakompaniyaning bosh shturmani Stanislav Gurfinkel boshqarib keldi. 

– Prezidentimiz Islom Karimovning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi samarasida milliy aviakompaniyamiz ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqda, – deydi Asadjon Tursunov. – “Boeing-787 Dreamliner” samolyotida Sietl shahridan Toshkentgacha bo‘lgan parvoz qariyb 12 soat davom etdi. Mazkur yangi avialayner dvigatelining tejamkorligi, boshqarishning yanada qulayligi va salonda yo‘lovchilarga barcha sharoit yaratilgani bilan ajralib turadi. Yo‘lovchilar uzoq mamlakatlarga parvoz paytida bir samolyotdan ikkinchisiga o‘tmay manzilga yetib olishni istaydi. Mazkur samolyot ularning bu istagini bajara oladi. “Orzu layneri”ni boshqarish imkoni nasib etganidan juda baxtiyorman. Biz, uchuvchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit va katta imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildiramiz. 

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi “Boeing-787 Dreamliner” samolyotlari bilan ta’minlanishi mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. 

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi. 

 
 

Manba: O'zA

Поделиться