O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqimizning chorak asr davomida bosib o‘tgan sharafli yo‘li fotosuratlarda
2016-08-24 | Madaniyat
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochildi.
Prezidentimizning joriy yil 2-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat o‘lkashunoslik muzeyi tomonidan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan ko‘rgazmada mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, yurtimizning bugungi jamoli, fidoiy yurtdoshlarimiz va farovon hayotimiz aks etgan o‘ttizdan ziyod fotoasar namoyish etilmoqda.
– Ko‘rgazma yosh avlodni Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ongu tafakkurini yanada boyitishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Gulbahor Izentayeva. – Fotoasarlar mazmun-mohiyatida xalqimizning chorak asr davomida bosib o‘tgan sharafli yo‘li, ozodlik nafasi, istiqlolning zalvorli qadamlari jamuljam. Ayni shu jihatlar tomoshabinlarda katta taassurot uyg‘otmoqda.
Manba: O'zA