O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xo‘jaligi vazirining Rim uchrashuvlari
2023-07-03 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Rim shahrida o‘tayotgan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning 43-konferensiyasi doirasida bir qator mamlakatlar qishloq xo‘jaligi vazirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vaziri Tan Jenszyan bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligiga oid hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.
Chunonchi, ilm-fan yo‘nalishida Xitoy Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilimlar va innovatsiyalar milliy markazi resurslaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy loyihalarni moliyalashga qaratilgan ikki tomonlama dasturni ishlab chiqish taklif etildi. Bu yo‘nalishda sho‘rlangan va qurg‘oqchil yerlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga alohida e’tibor berish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlikka ham to‘xtab o‘tildi. Aziz Voitov ikki vazirlik shafeligida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun qishloq xo‘jaligi kurslarini muntazam tashkil etishni taklif etdi.
Xitoy kambag‘allikka qarshi kurashish borasida muvaffaqiyatli tajribaga ega. Qishloq xo‘jaligi kambag‘allikka qarshi kurashishda muhim o‘rin tutishi bois, Xitoyning bu boradagi tajribasini o‘rganish katta ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Vazir Xitoyning Yanlin Qishloq xo‘jaligida yuksak texnologiyalar namoyishi hududi bilan hamkorlikda Agroinnovatsiya parkini tashkil etish masalasiga to‘xtalar ekan, uni tashkil etishga oid memorandumni onlayn-formatda imzolab, park poydevorining ilk ramziy toshini qo‘yish marosimini sentyabrda o‘tkazishni taklif etdi.
Aziz Voitovning navbatdagi uchrashuvi Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi vaziri Majnun Mamedov bilan bo‘ldi. Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ikki tomonlama aloqalarning bugungi holatiga baho berildi, hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.
Jumladan, agrosug‘urta va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish borasida Ozarbayjon tajribasini o‘rganish, paxtachilikda o‘zbek seleksiyasiga mansub g‘o‘za navlarini Ozarbayjonda ommalashtirish, shuningdek ipakchilik va veterinariya sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish borasida fikr almashildi.
Estoniya Qishloq xo‘jaligi vaziri Madis Kallas bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish davr talabi ekanligi ta’kidlanib, ushbu uchrashuv istiqbolli aloqalar uchun tamal toshini qo‘yishiga umid bildirildi.
Ushbu hamkorlikning bosh yo‘nalishi sifatida agrota’lim sohasidagi hamkorlik tilga olindi. Jumladan, ikki mamlakat agrar universitetlari o‘rtasida o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksporti istiqbollari muhokama etildi, jumladan Boltiqbo‘yi mamlakatiga barra qovun, ko‘kat, shuningdek turshak va mayiz yetkazib berish imkoniyatlari yuqori baholandi.
Estoniyada organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga e’tibor kuchli ekani ma’lum. O‘zbekistonda ham keyingi yillarda Global GAP standartlariga javob beruvchi mahsulot yetishtirishga alohida e’tibor berilmoqda. Shularni hisobga olgan holda, ikki mamlakat vazirliklari o‘rtasida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha tajriba almashish dasturini tashkil etish taklifi o‘rtaga tashlandi.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri xorijiy hamkasblari bilan uchrashuvlarda 7-8-sentyabrda Samarqandda FAO bilan hamkorlikda Oziq-ovqat xafsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilishini alohida ta’kidlab, ushbu mamlakatlar qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarini konferensiyada faol qatnashishga taklif etdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi