O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va FAO hamkorligi muhokama etildi
2023-07-03 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Rim shahrida o‘tayotgan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning 43-konferensiyasi doirasida FAO bosh direktorining o‘rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin bilan uchrashdi.
FAO 1945-yil 16-oktabrda tashkil topgan bo‘lib, 1946-yilda BMTning oziqlanish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan muassasasi maqomiga ega bo‘ldi. Tashkilotning bosh qarorgohi Rim (Italiya)da joylashgan bo‘lib, 194 ta davlat tashkilot a’zosi sanaladi.
O‘zbekistonning FAO bilan hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarining jami soni 66 ta bo‘lib, umumiy qiymati 70,05 mln dollarni tashkil etadi. Bugunga qadar jami 15,03 mln dollarlik 33 ta loyihani amalga oshirish yakunlandi. Hozirda 33 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda (umumiy qiymati – 55,14 mln dollar) va umumiy qiymati 41,3 mln dollarga teng 4 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuvda vazir tashkilot bilan hamkorlik jo‘shqin borayotganligini qayd etdi, O‘zbekiston tomoni qishloq hududlarini rivojlantirish va mamlakat oziq-ovqat tizimini qayta tashkil etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi FAOning rolini yuqori baholashini ma’lum qildi.
Shuningdek, uchrashuvda FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyatini kengaytirish lozimligi ta’kidlandi, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shu maqsadda o‘zbekistonlik yoshlar uchun qo‘shma dastur tashkil qilish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Aziz Voitov ta’kidlaganidek, 7-8-sentabrda Samarqandda FAO bilan hamkorlikda Oziq-ovqat xafsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etiladi. Uchrashuvda ushbu global ahamiyatga ega tadbirni o‘tkazishga oid tashkiliy masalalar ham muhokama etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi