O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMTTD bilan istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
2023-06-13 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD)ning Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Ivana Jivkovich boshchiligidagi BMTTD mas’ullaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda vazirlik tuzilma rahbarlari hamda BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.
Uchrashuvda BMTTD bilan hamkorlikning hozirgi holati va galdagi vazifalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish, kambag‘allikni qisqartirish hamda qishloq hududlarini rivojlantirish va “Tashabbusli budjet” loyihasi va uning odamlarni faollikka chorlashdagi ahamiyati, ijtimoiy himoya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan masalalarga e’tibor qaratildi.
– O‘zbekiston biz uchun muhim strategik hamkor hisoblanadi va biz aynan mamlakatingiz bilan 30 yildan beri ishlayotganimiz bejiz emas. O‘zbekistonga tashrif doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumaniga bordik. Orol dengizi talafotlarini bartaraf etish bo‘yicha bir mamlakatning o‘zi yechim topishi ancha mushkul masala. Xalqaro tashkilotlardan yordam jalb qilish chorasini kengaytirish zarur. O‘z o‘rnida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida ijtimoiy himoya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari alohida o‘rin olgani bizni xursand qildi. Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ushbu yo‘nalishlardagi vazifalarning amaldagi ijrosiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Albatta bu ishlar atrof-muhitni muhofaza qilishga oid hamkorligimizga hamohangdir, – dedi Ivana Jivkovich.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi