O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Energetika vaziri va Xitoy kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2023-04-19 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 17-aprel kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Xitoyning “State grid - CET” kompaniyasi prezidenti Yu Jun o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Xitoy kompaniyasi o‘zining faoliyat yo‘nalishlari va boshqalar haqida ma’lumot berdi. Jumladan:
➖Kompaniya Osiyo, Afrika, Janubiy Amerika, Yaqin Sharq, Yevropa va boshqa mintaqalarda 40 dan ortiq mamlakatlar bilan biznes loyihalarini amalga oshiradi. Kompaniya loyihalash, qurilish, ta’minot va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha jami 200 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.
➖Kompaniya yuqori va past kuchlanishli tarmoqlar, podstansiya va generatsiya quvvatlarini qurishga asosiy e’tiborini qaratib, Xitoyning 26 provinsiyasida 1,1 mlrd aholini (aholining 83%) elektr bilan ta’minlaydi.
Janob Yu Jun O‘zbekistonda yuqori kuchlanishli tarmoqlar va podstansiyalarni loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish va tayyor holda topshirish shartlari asosida (EPC+F) qurish masalasini o‘rganib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha bitimni imzoladilar.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi