O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘ladi
2023-04-14 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlari va istiqbollariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Ma’lumki, Jahon savdo tashkiloti davlatlararo ko‘p tomonlama savdo tizimini muvofiqlashtirib turuvchi nufuzli xalqaro tuzilmadir. Dunyo savdosining 95 foizi unga a’zo 164 ta mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tashkilotning asosiy vazifasi – erkin va shaffof savdo munosabatlarini tartibga solish va uni kengaytirish orqali a’zo mamlakatlar barqaror taraqqiyotini ta’minlash va insonlar turmushini yaxshilash hisoblanadi. Bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar maqsadiga to‘liq mos keladi.
Ilgari mamlakatimiz eksportining yarmi paxta tolasiga to‘g‘ri kelardi. Uning eksportidan to‘liq voz kechilgandan keyin, tayyor kiyim-kechak eksporti 4 baravar ko‘paydi. O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 3 milliard 300 ming dollarni tashkil etdi. 2021 yilda O‘zbekiston GSP+ tizimiga qo‘shilgani natijasida Yevropa bozoriga tayyor mahsulot eksporti 1,5 baravar oshdi.
Tashqi savdoda tayyor mahsulot eksportini ko‘paytirishda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yanada keng imkoniyatlar ochadi. Shu bois O‘zbekiston 2019 yildan bu xalqaro tuzilmaga a’zolik jarayonini yangidan boshlagan edi. O‘tgan davrda bu maqsad sari dadil qadamlar qo‘yildi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish shartligini ta’kidlab, buning iqtisodiy ahamiyatiga to‘xtaldi.
– Kelgusi uch yilda tayyor mahsulot eksportini 2 baravar oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishishning birdan bir yo‘li – Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish. Bu 164 ta davlat bilan adolatli savdo tizimini yo‘lga qo‘yish va barqaror bozorlarni yaratish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz o‘tgan yilgi Murojaatnomasida bu jarayonni jadallashtirish haqida aytgan edi. Shu maqsadda Jahon savdo tashkilotiga a’zo 50 dan ziyod davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borildi. Bu jarayon bo‘yicha joriy yilning mart oyida Jahon savdo tashkilotida ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlat rahbari huzuridagi taqdimotda a’zo davlatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar muhokama qilindi.
Jahon savdo tashkilotining bitimlaridan kelib chiqib, milliy qonunchilikni unga uyg‘unlashtirish, tartib va standartlarni xalqaro talablarga moslashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Buning uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilib, ishchi guruhlarni shakllantirish, barcha vazirliklar va elchixonalar bilan tizimli ishlash zarurligi ta’kidlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti