O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tibbiyotda transformatsiya: Toshkentda xalqaro investorlar jam bo‘ldi
2023-04-13 | Sog‘liqni saqlash
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi “Trilliant Tashkent” mehmonxonasining anjumanlar zalida “O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash tizimi transformatsiyasi” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.
Unda AQSH, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Vengriya, Yaponiya, Hindiston, Koreya Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari kabi 20 ga yaqin xorijiy davlatlarning yurtimizdagi diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar masʼullari, mamlakatimizda chet ellik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan xususiy tibbiyot klinikalari rahbarlari, O‘zbekiston bozoriga sarmoya kiritish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etish istagida bo‘lgan xalqaro donorlar hamda mahalliy yirik tadbirkorlardan iborat 1000 nafar qatnashchi oflayn va 500 nafari onlayn tarzda ishtirok etdi.
Forumda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutladi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini yanada rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilib, bu yo‘nalishda Prezidentning 6 ta Farmon va qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi Qonuni qabul qilindi.
Mamlakatimizda xususiy sektor uchun barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilib, tadbirkorlar barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi. Natijada oxirgi 6 yilda yurtimizda xususiy klinikalar soni 2,5 baravarga ortib, 8 mingtaga yetdi. Vaholanki, bu raqam 2017-yilda atigi 3 mingtani tashkil qilgan edi. Shuningdek, ayni paytda O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 159 ta xususiy shifoxona faoliyat olib bormoqda.
Albatta bunday ijobiy o‘zgarishlar sababli so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida nodavlat tibbiyotning ulushi 30 foizdan ortib, bu ko‘rsatkichni 2025-yilda kamida 60 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Yana shuni taʼkidlash kerakki, mamlakatimizda xususiy tibbiyot uchun cheklovlar olib tashlanishi natijasida bugungi kunda ular shug‘ullanadigan yo‘nalishlar soni 50 tadan 130 taga oshdi. Xususan, Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan 33 ta xususiy tibbiyot muassasasi shartnoma asosida davlat buyurtmasi olib, ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlarga 11 mlrd. so‘mlik tibbiy xizmat ko‘rsatdi.
Forumda vazir A.Inoyatov 2023-yil bu yo‘nalishdagi ishlar butunlay yangi bosqichga ko‘tarilib, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun qator qulayliklar yaratilishini taʼkidlab o‘tdi. Nafaqat tibbiyot tizimiga sarmoyalarni jalb qilish, balki sog‘liqni saqlash sohasiga innovatsiyalarni joriy etish va tibbiy xizmat sifatini oshirishga yordam beradigan sheriklikning yangi shakllarini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Shuningdek, xalqaro anjumanda sog‘liqni saqlashning xususiy sektorida litsenziyalash va akkreditatsiyalash borasida kutilayotgan o‘zgarishlar, tibbiy turizm hamda sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga doir maʼruzalar tinglandi.
Forum yakunida 1 mlrd. AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan xalqaro memorandumlar imzolandi.
Bundan tashqari, anjumanda yurtimizga ko‘p miqdorda investitsiya kiritgan va sohada samarali faoliyat yuritayotgan 25 nafar xususiy tibbiyot muassasalari rahbarlari “Sog‘liqni saqlash aʼlochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Forumda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari doktor Ashina Xalakdina, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxatlar ham ishtirok etib, mavzu doirasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Sоg`liqni sаqlаsh vаzirligi