O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqlar do‘stligi ulug‘landi
2022-12-31 | Jamiyat
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmalari tashabbusi bilan Nukus shahrida Yangi yil bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 30 iyul sanasi yurtimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilangani jamiyatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, hamjihatlikka undovchi muhim qadam bo‘ldi. Nukus shahrida foydalanishga topshirilgan “Do‘stlik uyi”da 5 ta milliy madaniyat markazlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.
– Millati, tili va dinidan qat’i nazar, O‘zbekistonni o‘zining Vatani deb biladigan, uning ravnaqi uchun hissa qo‘shib kelayotgan har bir fuqaro bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning e’tibori va ardog‘ida bo‘ladi, – degan edi davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida. – Millatlararo do‘stlik, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
– bugungi eng katta boyligimiz yurtimizda istiqomat qiladigan turli millat vakillarining do‘stligidir, – deydi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari Gulsara Jollibekova. – Tadbirni o‘tkazishdan maqsad ushbu xalqlarning milliy madaniyati, san’ati va urf-odatini namoyish etish va ularni aholi o‘rtasida targ‘ib qilishdan iborat.
Tadbirda turli millat vakillari ijrosidagi konsert dasturi, yangi yil bayramida tayyorlanadigan milliy taomlar, hunarmandchilik mahsulotlari va kiyimlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat)
Manba: O'zA