O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yer osti suvlari muhofazasi kuchaytiriladi

2022-12-07 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev yer osti suvlarini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Yer osti suvlari tabiat va aholi uchun eng zarur chuchuk suv manbalaridan biri. Undan tartibsiz foydalanish oqibatida ko‘p joylarda yer osti suvi kamayib ketmoqda. Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining ayrim hududlarida uning sathi 5 metrgacha pasayib ketgan.

Shunga qaramay, joylarda ruxsatsiz quduqlar burg‘ilash, yer osti suvlaridan nazoratsiz va hisobsiz foydalanish hamon davom etmoqda. Shu bois, Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, yer osti suvlari muhofazasini kuchaytirish va undan foydalanishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, yer osti suvining sathi 5 metrdan ziyod pasaygan hududlarda quduqlar burg‘ilash va yer osti suvlaridan foydalanishga moratoriy joriy qilinadi.

Hozirgi kunda quduqlarning 90 foizida hisoblagich yo‘qligi sababli yer osti suvlari sarfi to‘g‘risida aniq ma’lumot to‘plash imkoni bo‘lmayapti. Shuning uchun yer osti suvlaridan foydalanuvchilarga 2024-yil 1-yanvarga qadar o‘z tasarrufidagi inshootlarni suv hisoblagich bilan jihozlash majburiyati qo‘yilmoqda.

Shuningdek, 2023-yil 1-apreldan boshlab har bir quduqqa alohida emas, balki quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish yo‘lga qo‘yiladi. Sathi pasayib ketayotgan yer osti suvi konlarini tubdan qayta baholash bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari amalga oshiriladi.

Yana bir yangilik – yer osti suvlarining holatini kuzatib borish, xavfli geologik jarayonlardan muhofaza qilishning yagona tizimini yaratish maqsadida Davlat geologik monitoring xizmati tashkil etiladi.

Umuman olganda, bu chora-tadbirlar yer osti suvining kamayish jarayonini to‘xtatish va boshqa hududlarda bunday holat yuzaga kelishining oldini olishga xizmat qiladi.

 Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, suvdan hisobsiz foydalanishga chek qo‘yish, bu borada intizomni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Chuchuk suv manbalarini asrash va aholi uchun uzoq muddatga yetadigan zaxira yaratish muhimligini ta’kidladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться