O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari bilan uchrashuv
2022-11-18 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 17-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi yordamchisi Haoliang Hu bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Doina Munteanu, BMTTD inkluziv o‘sish klasteri rahbari Bahodir Bekov ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida mintaqaviy iqtisodiy taraqqiyot, yashil va inkluziv o‘sishni ta’minlash, yashil loyihalarni amalga oshirish, yashil transformatsiya jarayonlarida texnik yordam ko‘rsatish, kambag‘allikni qisqartirish, inson kapitalini rivojlantirish, jumladan, ta’lim, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, tadbirkorlik, xizmatlar sohasi, innovatsiya sohalaridagi ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, BMT Taraqqiyot dasturi va Shveysariya bilan hamkorlikda 2022–2024-yillarda “Yoshlarning raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikka qo‘shilish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi amalga oshirilmoqda. BMTTD hukumatga raqamli tadbirkorlik muhiti va yosh tadbirkorlarning raqamli ko‘nikmalarini sezilarli darajada yaxshilashga yordam beradi. Ushbu tadbirlar butun mamlakat bo‘ylab yoshlar uchun raqamli ko‘nikmalar va raqamli tadbirkorlik bo‘yicha keng ko‘lamli o‘quv dasturlari doirasida yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali mehnat bozor talablariga raqobatbardosh yosh kadrlarni yetishtirib chiqarishga qaratilgan.
Shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, IT Park va BMTTD tomonidan “Youth Digital Skills” dasturi ishga tushuntirildi. Dastur fuqarolar bandligini hamda raqobatbardoshlikni oshirish va tengsizlikni kamaytirish, inklyuziv, innovatsion va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va ish o‘rinlari yaratishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Dastur doirasida yoshlar va ayollarga raqamli ko‘nikmalarni o‘rgatish – internetda muhim kontentni topish va baholash qobiliyatidan tortib, ilg‘or foydalanuvchi “know-how”lari, ya’ni internet-marketing va savdo yo‘nalishlari, axborot texnologiyalarining deyarli butun sohasini qamrab oluvchi hamda mamlakatimizda raqamli tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 13 ta tashabbus amalga oshirilmoqda. (Batafsil)
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi