O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi ko‘rib chiqildi

2022-10-18 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasiga borib, Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

– Toshkent – azim poytaxtimiz, mamlakatimizning eng katta shahri. Besh yilda investitsiyaga, tadbirkorlarga sharoit yaratdik, yangi uylar, zamonaviy inshootlar qurildi. Bu ham kerak. Endi kelajakni o‘ylab, strategiyani aniq belgilab olmasak, o‘n yildan keyin shaharda yashash qiyin bo‘lib ketadi. Qo‘shimcha bosimni infratuzilma ko‘tarmaydi. Endi xato qilishga haqimiz yo‘q. Xalq uchun yaratilishi kerak bo‘lgan qulayliklarni hisobga olib, loyihani 50 yil oldin to‘g‘ri qilmasak, shaharning arxitekturasi ham, iqtisodiyoti ham, ekologiyasi ham bo‘maydi, – dedi Prezident.

Bugungi kunda Toshkent shahrining hududi 43 ming gektar, aholi soni 3 millionga yaqinlashgan. Infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortgan. Transportlar ham kun sayin ko‘payib, yo‘l harakati qiyinlashib bormoqda. Chang, tutun ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bois Prezidentimiz bu masalani alohida e’tiborga olib, poytaxtning me’moriy qiyofasini saqlab qolish, kelgusidagi qurilishlarni shahar tashqarisida qilish vazifasini qo‘ygan edi. Xususan, o‘tgan yili “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining ochilish marosimida hamda toshkentlik saylovchilar bilan uchrashuvda bu borada konsepsiya tayyorlanayotgani aytilgan edi.

Poytaxtimiz kelajagi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun bu masalaga jiddiy va puxta yondashildi. “ToshkentboshplanLITI” korxonasida chet ellik va mahalliy loyihachilar ikki yil davomida ishlashdi. Aholining o‘sishi, transport va muhandislik tarmoqlari, iqlim o‘zgarishlari tahlil qilinib, shu asosida transport tugunlari va aholi punktlarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi.

Tashrif chog‘ida Prezidentimizga mazkur strategiya haqida axborot berildi.

Ko‘zda tutilayotgan ishlardan biri shuki, Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etib qo‘yiladi. Aholi o‘z mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi bo‘lgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, “Park and ride” tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bog‘lanadi. 

Yana bir muhim chora – binolarga ijtimoiy talablar belgilash. Masalan, shahar ichida ko‘p qavatli inshoot qurilgudek bo‘lsa, uning turiga qarab, maktab, bog‘cha, maishiy xizmat, avtoturargoh o‘rni, ko‘kalamzorlashtirish maydoni kabi me’yorlar qo‘yiladi.

Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan. Bu yangi shahar poytaxtimizning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi. 500 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib, istiqbolli rivojlanish va qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan.

Global isish kuzatilayotgan bugungi dunyoda yashillik juda muhim. Bugungi kunda Toshkent shahrida 7 ming gektar yashil maydonlar mavjud. Prezidentimiz ilgari surgan “Yashil makon” umummilliy loyihasidan kelib chiqib, Bosh reja loyihasida bunga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, katta halqa yo‘li atrofida “yashil kamar” yaratish, shahardan o‘tgan kanallar bo‘yida tematik bog‘lar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Umuman, poytaxtimizda yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.

– Shaharni rivojlantirish bo‘yicha bu stratageyamizni dunyodagi yetuk mutaxassislar ham ma’qulladi. Endi har bir joy bo‘yicha xalq fikrini olib, aql bilan, sifatli qurish kerak. Bu yangi shahar xalqimizga munosib, iqlimimizga mos, zamonaviy bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu ulkan loyihaga yosh mutaxassislarni jalb etib, tajribasini shakllantirish, tuman va shaharlar arxitekturasini mutanosib rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bois Samarqand, Buxoro, Qo‘q‘on, Namangan kabi boshqa shaharlarimizda ham loyihalashtirish markazlari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyini rekonstruksiya qilish, Surxondaryo viloyati Denov tumani markazining arxitektura qiyofasini zamonaviylashtirish loyihalari ham taqdimot qilindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться