O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Germaniya Prezidenti O‘zbekiston yetakchisi va ko‘p millatli xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi
2022-08-30 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish hamda mintaqaviy sheriklikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Germaniya Prezidenti davlatimiz rahbari va ko‘p millatli xalqimizni mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi bilan samimiy qutladi. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining natijalari alohida qayd etildi, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik va iqtisodiy yangilanishlar qo‘llab-quvvatlandi.
Yetakchilar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish natijasida ikki tomonlama munosabatlarda yuksak darajaga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Joriy yil boshida o‘zaro tovar ayirboshlash 60 foizga o‘sdi. Mamlakatimizdan Germaniyaning 200 dan ziyod yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘tgan oyda «Knauf», «Papenburg» va «Falk Porsche» kabi taniqli korxonalarda O‘zbekistonda o‘zlarining yangi zavodlarini ishga tushirdi.
Shu yilning iyul oyida Germaniya biznesining 100 dan ortiq vakillari ishtirokida o‘tgan O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishidan so‘ng iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarida 24 ta yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish boshlandi.
O‘zaro manfaatli moliyaviy-texnik va madaniy gumanitar hamkorlik kengayib bormoqda. Yurtimizda Gyote instituti, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert fondlari, Germaniyaning boshqa tashkilotlari faol ish olib bormoqda.
O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlari amaliy hamkorlikning kengayishi, shuningdek, uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalarning ilgari surilishini qo‘llab-quvvatladilar.
Mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan Yevropa Ittifoqi doirasidagi konstruktiv muloqotni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish maqsadida faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti