O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi bo‘yicha ma'lumot
2022-07-28 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi. Strategiya Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Minimal ijtimoiy himoya darajalari to‘g‘risida”gi 202-son tavsiyasiga muvofiq barcha fuqarolar uchun minimal ijtimoiy himoya darajasini kafolatlash tizimini yaratishni nazarda tutadi.
Ijtimoiy himoya strategiyasi ushbu sohadagi to‘rt yo‘nalishni qamrab olgan. Xususan, Strategiyada ijtimoiy xizmatlar, ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy yordam va bandlikka ko‘maklashish dasturlarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan o‘zgarishlar belgilab berilgan. Shuningdek, beshinchi yo‘nalish sifatida sohadagi vazirlik va idoralarning mas'uliyat va vazifalarini qayta ko‘rib chiqishga oid bob qo‘shilgan.
Birinchi yo‘nalish bo‘yicha, ya'ni ijtimoiy xizmatlar sohasida, amalga oshiriladigan chora bu ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasiga tushirishdir. Ya'ni, yaqindagina faoliyati joriy etilgan mahalladagi xotin-qizlar faollari zimmasiga ijtimoiy himoya dasturlariga ehtiyojmand oilalarni yo‘naltirish yuklatiladi. 2022-2023-yillar davomida ushbu xotin-qizlar faollari ehtiyojmand oilalar bilan ishlashga o‘rgatilib, ularning faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, xotin-qizlar faoli mahallalarda ehtiyojmand deb hisoblangan oilalarga tashrif buyurib ularning muammolarini o‘rganadi. Har bir faolning qo‘lida maxsus planshet bo‘ladi va ular oilada o‘tkazilgan suhbat va kuzatuvlarga asosan tegishli ma'lumotlarni planshetga kiritadi.
Misol uchun, chekka bir qishloqda bir oila yashaydi. Bu oiladagi ona ishlamaydi, negaki uning kasalmand bolasi bor. Ammo ular ushbu bolaga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam va xizmatlar mavjud ekanligidan xabari yo‘q. Shunda, xotin-qizlar faoli bu oilaga tashrif buyurganda ularning muammolarini tinglab boradi va yashash sharoitini o‘rganadi. Bunda, u bolaning kasalligini bilgach, tegishlicha nogironlikni baholashga yo‘naltiradi. Bolaning nogironligi baholangach, xotin-qizlar faoli davlat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar va yordamni olishga ariza berishga ko‘maklashadi. Ya'ni, bola tegishli texnik reabilitasiya moslamasi bilan ta'minlanadi, unga har oy to‘lanadigan nogironlik nafaqasi tayinlanadi, onasiga esa bolaning kasalligidan kelib chiqib nogiron bolani parvarish qilish nafaqasi tayinlanadi. Bundan tashqari, bola maktab yoshida bo‘lsa, xotin-qizlar faoli uni maktabga joylashtirishga yordam beradi. Shunday qilib, bu oilaning ijtimoiy himoyasi to‘liq ta'minlanadi.
Shu tarzda, har bir oilalarning individual holatidan kelib chiqib, tegishlicha davlat ijtimoiy yordam va xizmatlari ko‘rsatilib boriladi.
Ikkinchi yo‘nalish, ya'ni ijtimoiy sug‘urta tizimini isloh qilish sohasida, shu yilning avgust oyida Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi shakllantirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu jamg‘armaga mablag‘lar Davlat byudjetidan ajratiladi. Keyinchalik esa, Moliya vazirligining hisob-kitoblariga asosan Jamg‘armaning qo‘shimcha manbalari aniqlanadi. Bu tizimning afzalliklari nimada?
Dastlabki bosqichda, ya'ni sentyabrdan boshlab barcha yuridik shaxslarda mehnat shartnomasi asosida va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat tizimiga kiritilgan tarzda rasmiy ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasining bir qismi davlat tomonidan to‘lab beriladi. Nafaqaning bu qismi hozirgi vaqtda minimal iste'mol xarajatlaridan kelib chiqib to‘rt oyga 2 mln. so‘m miqdorida belgilanmoqda. Ish beruvchi esa faqat nafaqaning Mehnat kodeksiga muvofiq qolgan qismini to‘lab beradi. Bu o‘z navbatida, ish beruvchilarni ijtimoiy to‘lovlarning bir qismidan ozod etib, ayollarni ishga olishga rag‘batlantiradi. Norasmiy sektorda, ya'ni mehnat shartnomasini tuzmasdan, mehnat daftarchasini yuritmasdan ishlayotgan ayollarni esa mehnat faoliyatini rasmiylashtirishga rag‘batlantiradi. Negaki, ayol norasmiy tarzda ishlasa ish beruvchi ham davlat ham unga homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lab bera olmaydi. Bosqichma-bosqich homiladorlik va tug‘ish nafaqalari ish beruvchi zimmasidan olinadi.
Keyingi bosqichda, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining imkoniyatlaridan kelib chiqib, kasallik varaqalari (bolnichniy) asosida nafaqa to‘lab berish, ish beruvchi tugatilgan hollarda ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lab berish davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urta orqali amalga oshiriladi.
Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha, ya'ni ijtimoiy yordam sohasida kam ta'minlangan oilalarga to‘lab kelinayotgan bolalar nafaqasini ijtimoiy shartnoma tuzish orqali to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Misol uchun, boshlang‘ich bosqichda ijtimoiy majburiyat sifatida oiladagi bolalarning maktabga doimiy tarzda qatnashi belgilanadi. Nega bunday shart oilaga qo‘yilmoqda? Chunki, bolalarning ta'limi uning kelajagini aniqlaydi. Ta'lim olgan bolalar kelajakda ishga joylashishda qiynalmaydi va bu degani uning kelajakdagi oilasi kambag‘allik holatiga tushib qolmaydi. Yana bir ijtimoiy majburiyat sifatida oiladagi bolalarning barchasi tegishlicha har xil turdagi kasalliklarni oldini olishga qaratilgan vaksinalarini olishidir.
To‘rtinchi yo‘nalish, ya'ni bandlikka ko‘maklashish sohasida, asosiy maqsad aholini doimiy daromad manbai bilan ta'minlashga qaratiladi. Hozirgi kunda, mehnat organlariga murojaat qilgan ayrim shaxslar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinadi. Ammo bu choraning kamchiligi shundaki, u vaqtinchalik chora, va aniq muddat o‘tganidan so‘ng jamoat ishlarida qatnashayotgan shaxs yana ishsiz bo‘lib qolaveradi. Bunday holatlarni bartaraf etish uchun, kasb-hunarga o‘qitish ishlari kengaytiriladi. Ya'ni ishsiz shaxs ma'lum bir kasb egasi bo‘lsa u ishga joylashishi osonlashtiriladi. Ishga joylashganidan so‘ng bu odamning muhtojligi bartaraf etiladi va bunday yondashuv vaqtincha emas balki uzoq muddatga qaratilgandir.
Bugungi kunda hokim yordamchilari tomonidan aholiga tayinlanib kelayotgan tadbirkorlik va bandlik subsidiyalari esa ijtimoiy shartnoma orqali tayinlanadi. Misol uchun, ishsiz shaxsga subsidiya ma'lum bir mehnat qurollarini sotib olib, uy sharoitida ustaxonasini yuritishga ajratilishi mumkin. Ammo bu shaxs, mehnat qurollarini sotib olib, ustaxonasini yuritish fikridan qaytib qolishi, yoki uzoqni o‘ylamasdan tez va oson yo‘li bilan bir yo‘la yirikroq daromad olish uchun bu qurollarni sotib yuborishi mumkin. Shunda bu shaxs yana ishsiz va daromadisiz qoladi. Bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida, subsidiya ajratilganida ijtimoiy shartnomada shaxs zimmasiga ijtimoiy mas'uliyat yuklanadi. Ya'ni, mehnat qurollarini olganidan so‘ng u ustaxonasini yuritishi zarur. Hokim yordamchisi esa olti oy davomida subsidiya berilgan shaxsning ustaxonasiga borib shartnoma shartlariga amal qilinayotganini monitoring qilib boradi. Shunday qilib, shaxs yana bir bor ishsizlik holatiga tushib qolishining oldi olinadi. Agar ayrim bir muammolarga ko‘ra, ustaxonaning ishi yurishmay qolsa, hokim yordamchilari bu shaxsga maslahat ham berishi imkoniyati yaratiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qiladigan bo‘lsak, Strategiyaning asosiy maqsadi ijtimoiy himoya sohasidagi barcha instrumentlarning samaradorligini oshirish. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, aholiga ko‘rsatilayotgan ko‘makni yanada kuchaytirishdir. Ushbu Farmonning qabul qilinishi yana bir bor O‘zbekiston Respublikasida inson qadri va xalq manfaati eng muhim siyosatligini ko‘rsatmoqda. Bunda, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasi esa alohida ahamiyatga egaligi va davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi aniq belgilanmoqda. Strategiya doirasida davlatning ijtimoiy himoya sohasidagi o‘rta va uzoq muddatli maqsadlari va rejalari aniqlashtirilgan. Bu esa o‘z navbatida, kelajakda ijtimoiy himoya sohasini yanada rivojlantirish uchun xalqaro tashkilotlar va institutlar bilan hamkorlik qilish, ularning texnik va ekspert ko‘magini bu sohaga jalb qilishga ham imkon yaratib beradi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi