O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Yashil makon” milliy loyihasining amalga oshirish jarayoni BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi munozaralari ishtirokchilariga taqdim etildi
2022-07-21 | Ekologiya
Kecha Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining “Tabiat lahzasi” deb nomlangan yuqori darajadagi munozaralari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Bosh Assambleya raisi Abdulla Shahid, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Bosh kotibning birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad, YUNEP ijrochi direktori Inger Andersen, BMT ixtisoslashtirilgan tuzilmalarining boshqa yuqori martabali vakillari, aʼzo davlatlar delegatsiyalari, yoshlar tashkilotlari va fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etdi.
Munozara davomida ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, yerlarning degradatsiyasi, havoning ifloslanishi, shuningdek, irratsional isteʼmol va ishlab chiqarishning o‘zaro bog‘liq tahdidlariga qarshi samarali kurash haqida fikr almashdi.
Bosh kotib Antoniu Guterrish ishtirokchilarga yo‘llagan videomurojaatida atrof-muhit holati tez yomonlashayotgani, o‘simlik va hayvonlarning millionlab turlari yo‘q bo‘lib ketish arafasida turganini aytdi. U mazkur yo‘qotishlarning asosiy sababi sifatida global oziq-ovqat tizimini ko‘rsatdi. “Yer yuzasining to‘rtdan uch qismi va okeanning uchdan ikki qismi inson faoliyatining salbiy taʼsiriga uchragan. Yerning tanazzulga uchrashi sayyoradagi 3,2 milliard odamning ahvolida o‘z ifodasini topmoqda”, dedi BMT Bosh kotibi. Uning fikricha, tabiatga munosabatni o‘zgartirish va quruq vaʼdalardan qochish kerak.
O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov mamlakatimizda ekologik farovonlikni taʼminlash, bioxilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
2030-yilgacha bo‘lgan davrda atrof-muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasining mazmun-mohiyati tushuntirildi. O‘zbekistonning 2021-yil may oyida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan Orolbo‘yida ekologik va texnologik innovatsiyalar zonasini tashkil etish tashabbusini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlari qayd etildi.
Shaharlarning yashil maydonlarini 8 foizdan 30 foizga yetkazish maqsadida besh yil davomida 1 milliard tup daraxt ekish bo‘yicha “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishning borishi haqida maʼlumot berildi. Mazkur keng ko‘lamli dastur mamlakatimizning Parij kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishiga salmoqli hissa qo‘shib, havo va yer sifatini yaxshilashga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi. 2021-yil avgust oyidan buyon “Yashil makon” loyihasi doirasida respublika bo‘ylab 213 million tupga yaqin daraxt va buta ko‘chatlari ekilgani qayd etildi.
O‘zbekistonning iqlim inqirozi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kompleks va izchil yondashuvni yana-da rag‘batlantirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining ekologik vazifalarini hal etishda xalqaro hamkorlar va BMT bilan aloqalarni chuqurlashtirishga sodiqligi tasdiqlandi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi