O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar
2022-05-20 | Siyosat
19-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Turli darajalarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib bormoqda – yil boshidan tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi.
Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda beshta muhim yo‘nalish – Davlat chegarasiga oid masalalarda, savdo-sotiqni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, transport va energetika sohalarida qo‘shma infratuzilma loyihalarini ilgari surish borasidagi amaliy hamkorlikda aniq natijalarga erishishga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqaviy muloqot masalalari muhokama qilinar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kun tartibini har tomonlama tayyorlash muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiqlik, ishonch va do‘stlik ruhida o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti