O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qirg‘iziston O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining uchinchi eng yirik iste’molchisi
2022-04-05 | Iqtisodiyot
Qirg‘iziston O‘zbekistonning ishonchli hamkorlaridan biri bo‘lib, bugungi kunda barcha sohalarda ushbu davlat bilan o‘zaro munosabatlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Ayniqsa, bunday jarayonda to‘qimachilik yo‘nalishi bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etish o‘rinlidir.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Ommaviy va tashqi aloqalar departamenti boshlig‘i Shahzoda QO‘CHQOROVA O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida to‘qimachilik sohasida hamkorlik va bu borada erishilgan natijalar xususida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Qirg‘iziston O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining uchinchi eng yirik iste’molchisi hisoblanadi, – dedi Sh. Qo‘chqorova. – So‘nggi uch yil ichida ushbu davlatga 771,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Xususan, eksport 2019 yil 92,8 million dollar, 2020 yil 284 million dollar, 2021 yil 395 million dollarni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich 2022 yilning yanvar-fevral oylarida esa 67,3 million dollar miqdoridadir. Eksport strukturasida 67,1 foiz tayyor mahsulotlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Pandemiya sharoitiga qaramay, Qirg‘izistonga to‘qimachilik mahsulotlari eksporti keskin oshganini yuqorida keltirilgan raqamlardan ham ko‘rish mumkin.
Bundan ko‘rinadiki, O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida to‘qimachilik sanoatidagi aloqalar so‘nggi yillarda jadallashdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘shni davlatlar bilan qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan siyosati Qirg‘iziston bilan keng ko‘lamdagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘ldi. Buning natijasida to‘qimachilik sanoatida ham sezilarli natijalarga erishilmoqda.
Hozirda o‘zbek va qirg‘iz to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, ishlab chiqarish, investitsiya, moda va ko‘rgazmalar va boshqa yo‘nalishlarda keng ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Qirg‘iziston bilan aloqalarni jadallashtirishda chegaraoldi hamkorlikni rivojlantirishga alohida urg‘u berilmoqda. Xususan, chegaradosh tumanlarda joylashgan korxonalarning mahsulotlarini Qirg‘izistonga eksport qilish, malakali mutaxassislarni ikki davlat to‘qimachilik korxonalariga keng jalb qilish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Ayni kunlarda Namangan viloyatida joylashgan “Art Soft Holding” kompaniyasi tomonidan Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyatidagi Novken tumanida umumiy qiymati 25 million dollarlik paxta-tozalash zavodi, ip-kalava va tayyor kiyim ishlab chiqarish fabrikasi, mashina-traktor parki va yog‘-moy ishlab chiqarish zavodini o‘z ichiga oluvchi paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
“Art Soft Holding” kompaniyaning ma’lum qilishicha, yangi ishga tushirilishi kutilayotgan fabrika Novken tumanida bo‘sh yotgan binolarda amalga oshirilishi belgilangan. Loyiha to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yaratadi.
Bundan tashqari, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Qirg‘izistonning to‘qimachilik sanoati tashkilotlari bilan keng aloqalarni o‘rnatgan. Ikki tomonlama anglashuv memorandumlari imzolangan. Ular doirasida qirg‘izistonlik hamkorlar O‘zbekistonga tashrif buyurib, ko‘rgazma va forumlarda faol qatnashib kelishmoqda. bugungi kunda ikki davlat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, bilim va tajriba almashish an’anaga aylangani quvonarlidir.
Nasiba ZIYODULLAEVA
Manba: O'zA