O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston - Qozog‘iston hamkorligi yanada kengayadi
2022-02-11 | Jamiyat
Toshkent shahrida 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanini qayd etdilar.
O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasidagi ochiq va ishonchli do‘stona munosabat tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil dekabr oyida Qozog‘istonga qilgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojiga kuchli turtki berdi.
Qozog‘iston an’anaviy ravishda O‘zbekistonning asosiy sheriklaridan biri hisoblanadi. Pandemiya sharoitiga qaramasdan, ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2021 yilda 30 foiz ortib, yuqori natija qayd etildi.
Ma’lumki, ikki mamlakat hukumatlari oldiga Davlatlarimiz rahbarlari tomonidan kelgusida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha aniq amaliy vazifalar qo‘yilgan. Jumladan, o‘zaro savdo hajmini yaqin yillar ichida 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangan.
Suhbat chog‘ida buning uchun O‘zbekistonda ham Qozog‘istonda ham imkoniyat yetarli ekani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda ikki tomonlama kelishuvlar amalga oshirilishini doimiy ravishda muhokama qilib borish uchun ixtisoslashgan tashkilotlar rahbarlari darajasida o‘zaro muloqotni davom ettirish muhimligi aytib o‘tildi.
Hududlararo aloqani chuqurlashtirish ham ustuvor vazifa hisoblanadi. Bu borada amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha imzolangan yo‘l xaritasini o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirish zarur. Har yilgi hududlararo hamkorlik forumi doirasida erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy qilishning doimiy nazoratini yo‘lga qo‘yish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni shakllantirish lozim.
Sanoat koooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama harakat jadal kechmoqda.
Avtomobil va to‘qimachilik sanoatida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Toshkent viloyatida fosfor va boshqa kompleks mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish loyihasini yo‘lga qo‘yish rejasi ishlab chiqilmoqda.
Turkiston alohida iqtisodiy hududida gaz plitasi, elektr suv isitkich kabi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda.
Ikki davlat chegara hududida Xalqaro sanoat koperatsiyasi markazini barpo etish bo‘yicha kelishuvni hayotga joriy qilishni jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Ulgurji-taqsimlash markazi tarmoqlari barpo etish orqali eng zarur qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mamlakatlarimiz hududiga ham, uchinchi davlatlarga ham yetkazib berish samaradorligini oshirish imkoni paydo bo‘ladi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi o‘zaro manfaat keltirishini, qo‘shma infratizim ob’ektlari yaratish o‘zaro savdo va iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini e’tirof etdilar.
Ikki mamlakat birgalikda Qozog‘iston hududida donli o‘simliklar, kartoshka va yem-xashak, O‘zbekiston hududida meva va sabzavot yetishtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar, agroklasterlar yaratishi ham birdek foydali ekani ma’qullandi. Mazkur loyihalar qo‘shma ulgurji-taqsimlash markazlari va «Agroekspress» tarmoqlariga bog‘lanadi.
«Turkiston – Chimkent – Toshkent» tez yurar temir yo‘l magistrali hamda “Uchquduq – Qizilo‘rda” avtomobil yo‘li qurilishi loyihalari hayotga tadbiq etilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida tranzit, o‘zaro savdo va turizm yo‘nalishlari jadal rivojlanishiga olib keladi.
Muloqot davomida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha harakat rejasi muhokama qilindi.
Qozog‘iston hukumati va ishbilarmon doiralari vakillari shu yil 24-26 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan Birinchi Toshkent investitsiya forumiga taklif etildi.
O‘zbekiston joriy yilda MDHga raisligi doirasida Qozog‘istonga har tomonlama ko‘mak beradi.
Umid qilamizki, davlatlarimiz O‘zbekistonning SHHT va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida birgalikda faol ish yuritadi.
Davlatlarimiz rahbarlari tomonidan har yili ikki mamlakatda navbat bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston yillarini o‘tkazish vazifasi belgilangan. Biz ushbu jarayonni o‘zimizda Qozog‘iston yilini o‘tkazish bilan boshlashga tayyormiz.
Uchrashuvda O‘zbekiston Qozog‘iston bilan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni yanada mustahkamlash uchun bor imkoniyatini ishga solishi ma’lum qilindi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha ikki mamlakatning yondosh vazirlik, idoralari o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Qozog‘iston Respublikasi hukumati delegatsiyasi a’zolari, shuningdek, O‘zbekiston hukumati vakillari hamrohligida poytaxtimizda joylashgan Texnoparkda ham bo‘lib, majmua tarkibidagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari namunalari, zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayoni mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Saidmurod RAHIMOV
Manba: O'zA