O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ixtisoslashtirilgan ta’lim qamrovini kengaytirish va sifatini oshirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi

2022-01-18 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-yanvar kuni maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Mamlakatimizda ko‘plab ta’lim maskanlari qurilib, ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda. Prezident maktablari qurila boshlaganda davlatimiz rahbari ular boshqa muassasalar uchun andoza bo‘lishi, ta’lim muhitini o‘zgartirishini aytgan edi. Shunday bo‘layapti. Jamiyatimizda ilmga intilish kuchaydi. Farzandini yaxshi o‘qitaman degan ota-onalar, o‘qishga qiziqqan yoshlar ko‘paydi.

2019-yilda yurtimizda 271 ta ixtisoslashtirilgan maktab bor edi. Prezidentimizning aniq fanlar va xorijiy tillarni o‘rgatishga oid tashabbuslari, qabul qilgan qarorlari natijasida matematika va fizika fanlari bo‘yicha 126 ta, kimyo-biologiya bo‘yicha 87 ta, axborot texnologiyalari yo‘nalishida 99 ta, xorijiy tillar bo‘yicha 207 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil topdi.

Shu tariqa xalq ta’limi tizimidagi bunday maktablar soni 790 taga yetdi. Ularning 135 tasi to‘liq ixtisoslashtirilgan va yotoqxonasi mavjud. Qolgan 655 ta maktabda atigi 25 foiz sinflarda u yoki bu fan chuqur o‘rgatiladi. Ulardagi ta’lim dasturi, o‘qitish metodikasi, fan to‘garaklari oddiy maktablardan deyarli farq qilmaydi. Misol uchun, matematika yoki chet tiliga ixtisoslashgan sinflarda 2 soat ko‘proq maxsus fan o‘tiladi, xolos.

Bugungi zamon talabi, kelgusidagi taraqqiyot sur’atiga munosib bo‘lish uchun bu yetarli emas. Shu bois yig‘ilishda ixtisoslashtirilgan maktablar qamrovini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

– Bir narsani chuqur tushunib olishimiz kerak: iqtisodiyotimizga juda katta marra olganmiz. Bu yil eksportimizni 14 milliard dollarga chiqarmoqchimiz. 2025-yilga qadar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga, eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Buni kim qiladi? Bilimli kadrlar! – deya ta’kidladi Prezident.

Ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.

– Bu Agentlikni faqat 14 ta maktab uchun tuzganimiz yo‘q. U Prezident maktablaridagi muhitni, metodikani boshqa maktablarga ham olib kirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuning uchun yangi o‘quv yilidan boshlab, Nukus shahri va viloyat markazlarida ikkitadan, tuman va shaharlarda bittadan maktab tanlab olinib, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bunda o‘sha hududda rivojlangan tarmoqlar, azaldan kuchli o‘qitilgan fanlarga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda ishchi guruh tuzib, hududlardagi sharoitlarni o‘rganish, tanlangan maktablarni yangi standartlar asosida o‘quv yiliga tayyorlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul tartibi, o‘quvchi va muallimlar bilimini baholash tizimini ham qayta ko‘rib chiqish kerakligi aytildi.

Davlatimiz rahbari ta’lim-tarbiya mazmuniga ham alohida e’tibor qaratdi.

– Ixtisoslashtirilgan maktab degani 2 soat ko‘p dars o‘tish degani emas. Unda bolalar maxsus fan bo‘yicha to‘liq bilimga, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi zarur. O‘quvchilarda milliy ruh, vatanparvarlik hissi baland bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.

Maktab ta’limini rivojlantirishga mahalliy hokimliklar, universitetlar ham mas’ul ekani, o‘zlari uchun istiqbolli kadrlar zaxirasini tayyorlab borishi zarurligi ta’kidlandi.

Ta’lim darajasi, avvalo, o‘qituvchining bilim va malakasiga bog‘liq. Shu bois ixtisoslashtirilgan maktablarga rahbar va pedagoglar ikki bosqichli tanlov asosida qabul qilinadi. Prezident ta’lim muassasalari agentligiga ushbu tizim asosida yuqori malakali o‘qituvchilarni jamlab, qo‘shimcha o‘qitish, milliy va xalqaro sertifikatlar olishiga ko‘maklashish topshirildi.

Agentlikning Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi negizida ilmiy markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi. U ixtisoslashtirilgan maktablarning har bir yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro metodika asosida ilg‘or ta’lim dasturlari ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. 

Bu ishlarni samarali tashkil etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda Prezident ta’lim muassasalari agentligining hududiy bo‘limlari tashkil etilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari maktablarda xorijiy tillarni o‘qitish sifati pastligini keskin tanqid qildi.

– Rivojlangan mamlakatlarda oliygohda til o‘rgatmaydi. Chunki talabalar yoshligidanoq ikkita tilni biladi. Biz 1-sinfdan 11-sinfgacha chet tilini o‘rgatamiz. Lekin maktabni bitirgan bolalarning necha foizi shu tilda gaplasha oladi?! Bunga davlatning qancha puli ketayapti! Qani natijadorlik, – deya haqli savol qo‘ydi Prezident.

Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi boshqa maktablarda ham ta’lim sifatini oshirish, fanlar va xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

– Ta’lim tizimini “oyoqqa qo‘ymas” ekanmiz, islohotlar amalga oshmaydi. Buni bitta vazirlik yoki agentlik ham qilolmaydi. Bunga butun xalqimiz, jamiyatimiz mahkam kirishishi kerak. Najotimiz maktabda, najotimiz ta’limda, najotimiz bilimda, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar ijrosi bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться