O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kelgusi yilgi vazifalar ko‘rsatib o‘tildi
2021-12-30 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-dekabr kuni kelgusi yilda iqtisodiyot tarmoqlari va kommunal soha barqaror ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yil og‘ir kelganiga qaramay, iqtisodiyotda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi. Xususan, joriy yilda yalpi ichki mahsulot 7 foizga, sanoat 9,5 foizga, xizmatlar 20 foizga, qurilish sohasi 6 foizga, qishloq xo‘jaligi 4 foizga o‘sgan. Inflyatsiya darajasi 10 foizdan past bo‘lgan.
Eksport hajmi 16,5 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 1,3 milliard dollarga oshdi. Umumiy qiymati 12,4 milliard dollarlik 318 ta yirik va 14 mingta hududiy loyihalar ishga tushdi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining turmush sharoiti yaxshilandi.
Yig‘ilishda kelgusi yilda ham iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, yalpi ichki mahsulot va sanoatni 7 foizdan yuqori, xizmatlarni qariyb 30 foizga oshirish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari yangi yilning boshidanoq, barcha tarmoq va hududlar tizimli ishlab, bu maqsadlarga erishish uchun mustahkam zamin yaratish kerakligini ta’kidladi.
Xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlash maqsadida qish oylarida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozorlarga barqaror yetkazib berish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik ta’minoti, kommunal, sog‘liqni saqlash va yong‘in xavfsizligi tizimlarining barqaror ishlashi muhimligi qayd etildi.
Malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, jamoat, yong‘in va harakat xavfsizligi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti