O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Davlat Dumasi qo‘mitasi raisini qabul qildi
2021-10-26 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr kuni mamlakatimizdagi Prezident saylovini kuzatish uchun kelgan rossiyalik kuzatuvchilar delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Federal Kengashi Davlat Dumasi qo‘mitasi raisi Leonid Kalashnikovni qabul qildi.
Rossiya parlamenti vakili O‘zbekiston yetakchisini Prezident saylovida ishonchli g‘alabaga erishgani va saylov kampaniyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan dildan qutladi.
Saylov jarayonlari ilg‘or xalqaro amaliyot va standartlarga muvofiq tayyorlangani va tashkil etilgani borasida qilingan ishlar yuksak baholandi.
O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Parlamentlar o‘rtasida yaqin va sermahsul muloqot yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo, investitsiya, ta’lim, turizm va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama sheriklikni, shuningdek, MDH makonidagi mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti