Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari E.Orazgeldiev bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar Turkmaniston Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lajak rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalalarini ko‘rib chiqdilar hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
O‘tgan 4 yil mobaynida O‘zbekiston – Turkmaniston savdo aylanmasining hajmi 3 barobar oshgani alohida ta'kidlandi. Ushbu ijobiy dinamikaga qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot, farmasevtika va to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, neft' mahsulotlari, elektr energiyasi hamda boshqa tovarlar yetkazib berishning o‘sishi evaziga erishildi.
Shu bilan birga, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik qilish uchun muhim ishga solinmagan salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Tomonlar qo‘shma investitsiya loyihalarini ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasini yuksaltirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar. Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tashrifning iqtisodiy kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirishga imkon yaratadi.
Ikki mamlakat hududlarida avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va maishiy texnika, tayyor to‘qimachilik va charm-poyabzal mahsulotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning shart-sharoitlari belgilandi.
Shuningdek, neft va neft mahsulotlari, elektr energiyasi, kimyo mahsulotlari, polimer materiallar va mineral o‘g‘itlar yetkazib berishni ko‘paytirish orqali o‘zaro savdo hajmini oshirishga o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining hamkorligini oshirish borasidagi sa'y-harakatlarning dolzarbligi alohida ta'kidlandi. Oliy darajadagi tashrif arafasida O‘zbekiston – Turkmaniston biznes-forumini tashkil etish bo‘yicha yakdil qarorga kelindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarning amalda bajarilishi yuzasidan faol ish olib borishga sodiqligini bildirdilar.