MEDIACAMP: Bo‘stonliqda bo‘lajak jurnalist va blogerlar uchun uch kunlik seminar-treninglar o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Jurnalistka va ommaviy kommunikasiyalar universiteti (O‘zJOKU), O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O‘zEOAVMA) hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “MEDIACAMP” loyihasi tashkil etildi.
Loyiha doirasida O‘zJOKU talablari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Xo‘jakent” oromgohida bo‘lib, O‘zbekistonning turizm, sport va madaniy salohiyatini ochib berish hamda bunda OAVning roliga bag‘ishlangan qator seminar va treninglarda ishtirok etishdi.
“MEDIACAMP” tadbirini Bosh vazir o‘rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi, u O‘zbekistonning imijini yaratish, bu yerdagi islohotlar va yangiliklarni yoritishda OAV vakillarining o‘rni naqadar muhim ekanligi, bu borada bo‘lajak jurnalistlarga katta umid bildirilayotganligini ta'kidladi.
Shu o‘rinda Bosh vazir o‘rinbosari Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetida aynan turizm sohasi targ‘ibotiga doir “Travel journalism” yo‘nalishining ochilgani hamda uning maqsadiga alohida to‘xtaldi va kelgusida “MEDIACAMP” loyihasini ikki universitet talabalari bilan birgalikda o‘tkazishni taklif etdi.
Shuningdek, tadbirda Xalqaro press-klub rahbari, O‘zJOKU rektori Sherzod Qudratxo‘ja ham ishtirok etib, yosh ijodkorlarning bilim va tajribasini oshirishda bu kabi treninglarning ahamiyati katta ekanligi qayd etdi.
Turizm va sport vazirligi vakillari Temur Mirzaev, Shuxrat Isakulov hamda Umed Radjabov bo‘lajak jurnalistlar uchun seminar-treninglar o‘tkazib, ularga turizm va sport sohalarini rivojlantirish va bunda OAVning roli haqida ma'lumot berishdi.
O‘zJOKU 2- kurs talabasi Toxirova Shahzoda:“Biz, yosh jurnalistlar uchun yangiliklardan xabardor bo‘lish, yetuk jurnalist bo‘lib yetishish sirlari to‘g‘risida nazariy ilmdan ola olmagan katta imkoniyatni aynan “MEDIACAMP” berdi. Seminar-trening yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi va nafaqat bilim, balki energiya berdi. Shuningdek, tadbir doirasida sport musobaqalari ham tashkil etildi. “MEDIACAMP” loyihasi yangi o‘quv yili oldidan bizga motivasiya berdi ”, deya alohida ta'kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida yurtimiz sayyohlik salohiyati, jumladan Bo‘stonliq tumani turistik salohiyatini sportni rivojlantirishga doir eng yaxshi materiallar tayyorlagan talabalar rag‘batlantirilishi ma'lum qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi