O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2021-08-12 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Bola tarbiyalayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimining samaradorligini oshirish, ijtimoiy himoya va ko‘makka muhtoj oilalar moddiy ta’minotini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda umume’tirof etilgan xalqaro standartlarni va avtomatlashgan shaffof elektron baholash mexanizmlarini joriy etish orqali nafaqalarni to‘lash tizimini bolalar salohiyatini rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratish maqsadida:

1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab:

a) 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi o‘rniga kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi (keyingi o‘rinlarda – bolalar nafaqasi) joriy etiladi. Bunda, bolalar nafaqasini tayinlashda:

inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshiriladi;

to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha oshiriladi;

uning miqdorini oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi qo‘llaniladi;

b) yakka-yolg‘iz bo‘lgan fuqarolarga, farzandi bo‘lmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanadi.

2. 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab bolalar nafaqasi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlarining quyidagi miqdorlari belgilansin:

a) bolalar nafaqasining har oylik miqdori:

250 000 so‘m – 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun, 325 000 so‘m – yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun;

150 000 so‘m – oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha;

100 000 so‘mdan – oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun;

b) kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 380 000 so‘m.

Bunda, 2021 yil 1 sentyabrga qadar tayinlangan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasi hamda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni to‘lash muddatlari tugaguniga qadar, mazkur turdagi nafaqalar va moddiy yordamning amaldagi miqdorlari hamda ularni to‘lash muddatlari saqlab qolinadi.

3. Moliya vazirligi 2021-yil yakuniga qadar bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilalar sonining o‘rtacha 20 foizga oshishini hisobga olgan holda 2021-yilda ushbu chora-tadbirlarni moliyalashtirishga byudjetdan qo‘shimcha mablag‘ ajratsin hamda Davlat byudjetining 2022-yildagi parametrlarini shakllantirishda mazkur Farmonning amalga oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlarni nazarda tutsin.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-октябрдaн boshlab, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar va shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar manfaatdor vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladi.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov) bilan birgalikda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi ma’lumotlar bazasidagi kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar va shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etilishi hamda axborot almashinuvining samarali ishlashini ta’minlasin.

5. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.Mamatov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda 2021-yil 20-avgustгa qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

kam ta’minlangan bolali oilalarga nafaqani hamda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlash va to‘lash tartibi;

minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibi.

6. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmon maqsadi, vazifalari va bundan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 1-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

9. Moliya vazirligi bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari I.I. Norqulov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul ijrochi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021-yil 1-noyabr va 2022-yil 1-aprelga qadar axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

            Prezidenti                           Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021-yil 11-avgus

Manba: O'zA

Поделиться