O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Minnatdorlik
2021-07-26 | Siyosat
Tavallud topgan kunim munosabati bilan chin yurakdan tabriklab, samimiy qutlov va ezgu tilaklarini yo‘llagan chet el davlat va hukumat, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblariga, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, turli kasb egalari bo‘lgan barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorligimni izhor etaman.
Hech shubhasiz, men uchun g‘oyat qadrli bo‘lgan ushbu tabrik va tilaklarni ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat hamda ehtirom ifodasi, mamlakatimizning dunyo miqyosida ortib borayotgan obro‘-e’tibori va nufuzining yana bir e’tirofi sifatida qabul qilaman.
Jonajon yurtimizda keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda hal qiluvchi kuch bo‘lib kelayotgan mehnatkash, mard va olijanob xalqimizga yana bir bor o‘zimning cheksiz farzandlik mehrim va hurmatimni bildirishdan behad mamnunman.
Ishonchim komilki, xalqimizning fidokorona mehnati, ulkan bunyodkorlik salohiyati va hamjihatligi bilan yangi O‘zbekistonni barpo etish, el-yurtimizning tinch-osoyishta hayoti va farovonligini ta’minlash bo‘yicha o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak ezgu maqsadlarga albatta yetamiz.
Chuqur hurmat bilan,
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti