O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va kimyo sanoatidagi loyihalar ko‘rib chiqildi

2021-07-06 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-iyul kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda kimyo sanoatidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Bundan bir yil oldin, 8-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga oid qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi, Agregat zavodi, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi va “Texnolog” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari uch yil muddatga “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga ishonchli boshqaruvga berilgan edi. Tarmoq korxonalarining rentabelligini oshirish, mahsulotlari sifatini yaxshilash va tannarxini pasaytirish vazifalari belgilangan edi.

O‘tgan davrda Toshkent qishloq xo‘jaligi texnika zavodidagi ishlab chiqarish maydonlari 68 foizga maqbullashtirilib, uskunalardan foydalanish samaradorligi oshirildi. Natijada mahsulot tannarxi 4 foizga pasaydi va qariyb 45 milliard so‘m iqtisod qilindi. Xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazilib, 80-100 ot kuchiga ega bo‘lgan traktorlar narxlari 15-20 foizga arzonlashtirildi.

Minsk traktor zavodi bilan xamkorlik o‘rnatildi. Bu sheriklik doirasida O‘zbekistonda har yili 3 mingta traktor ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, korxonalarning texnologik va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha hali vazifalar ko‘p. Tarmoqda mavjud quvvatlardan foydalanish darajasi 19 foiz, mahalliylashtirish o‘rtacha 20 foiz ekani mutlaqo qoniqarli emas. Mahalliy texnikalar narxi import texnikalarga nisbatan 10-15 foiz qimmat.

Shu bois taqdimotda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish, quvvatlardan foydalanish va mahalliylashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Toshkent shahrida joylashgan tarmoq korxonalarini Chirchiq shahriga ko‘chirish va ularning negizida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Rejaga ko‘ra, Toshkent va Chirchiqdagi qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodlari, Agregat zavodi, “Texnolog” va “O‘zKlaas Agro” korxonalari sanoat klasteri usulida yagona maydonda joylashtiriladi. 1 ming 200 ta uskuna va jihoz, 28 turdagi texnika optimallashtirilib, ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish 85 foizga, mahalliylashtirish 50 foizga yetkaziladi. Natijada ishlab chiqarish tannarxi 20 foizga pasayib, korxonalarning rentabellik darajasi 10 foizga oshishi kutilmoqda.

Moliya vazirligiga klasterni tashkil etish bilan bog‘liq dastlabki xarajatlar uchun 500 milliard so‘m ajratish vazifasi qo‘yildi. Bu mablag‘ tarmoq korxonalarining bino-inshootlari va maydonlari auksion savdolarida sotilishi hisobidan qaytariladi.

Prezidentimiz mahalliylashtirish borasidagi ishlarni davom ettirib, texnikalar narxini arzonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Xususan, Minsk traktor zavodi bilan hamkorlikda ishlab chiqariladigan traktorlarni mahalliylashtirish darajasini kelgusi yil 40 va 2023 yilda 50 foizga, “O‘zKlaas Agro” bo‘yicha bu ko‘rsatkichni 25 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, mahalliy texnikalarni sotib olishi uchun fermer xo‘jaliklari va klasterlarga yengillik yaratish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda lizingning boshlang‘ich to‘lovini 25 foizdan 15 foizga va foiz stavkasini 16 foizdan 7 foizga tushirish hamda lizing muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish taklifi bildirildi.

Xalqaro tajribani o‘rganib, qishloq xo‘jaligi texnikasiga servis xizmatini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Taqdimotda kimyo klasterlari tashkil etishga oid loyihalar ham ko‘rib chiqildi.

Xususan, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizidagi klasterda umumiy qiymati 3 milliard 400 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning samarasida yiliga 1 milliard 800 million dollarlik mahsulot tayyorlash quvvati va 3 ming 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Loyihalardan biri – karbamid-formaldegid konsentrati va smolasi ishlab chiqarish korxonasi yaqinda ishga tushirildi. Sulfat kislotasi bo‘yicha yana bir loyiha ham shu yil foydalanishga topshiriladi.

Shuningdek, Navoiy shahridagi “Elektrokimyozavodi” qo‘shma korxonasida uglerod tolalari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.

Taqdimotda poytaxtimizning Ulug‘bek shaharchasida ilmiy kimyo klasterini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться