O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

"Ilhom" mukofoti tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

2021-05-21 | Jamiyat

Millatning o‘zligi, ma’naviy qiyofasi uning adabiyotida mujassam. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Adiblar xiyoboni mana roppa-rosa bir yildirki, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni adabiyotga oshno etmoqda.

Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga o‘tkazilayotgan adabiyot bayrami haftaligi doirasida “Ilhom” mukofoti tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu bayram qiziqarli anjumanlar, viktorinalar, tanlovlarga, yoshlar festivallariga uyg‘unlashib ketdi.

Erta tongdan mazkur xiyobon shoir va yozuvchilar, olimlar, ustozlar, talaba-yoshlar va ularning ota-onalari, maktab o‘quvchilari bilan gavjum bo‘ldi.

– Mamlakatimizda milliy adabiyotimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor o‘zining amaliy ruhi va samaradorligi bilan diqqatga sazovor, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq. – Bugun kim bo‘lishidan qat’i nazar, kitobga mehr qo‘yish, u bilan do‘stlashish zarurligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan ijod maktablari, yozuvchi va shoirlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi ezgu ishlar yoshlarni adabiyotning maftunkor olamiga olib kirmoqda.

Kun davomida Adiblar xiyobonida mushoira, adabiy gurunglar bo‘ldi. Talaba-yoshlar o‘rtasida adabiyotga qiziqishni kuchaytirish maqsadida ilk bor tashkil etilgan “Ilhom” mukofoti respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi esa adabiyot bayramiga aylanib ketdi.

– Ushbu mukofot oliy o‘quv yurtlari talabalari, yosh o‘qituvchilar uchun ta’sis etilgan, – deydi adabiyotshunos Bahodir Karim. – Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham g‘oyat yuksak saviyada o‘tdi. Loyiha yoshlarning o‘z ijodiga e’tiborni kuchaytirishda, rag‘bat uyg‘otishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tanlovda mamlakatimizdagi 83 ta oliy ta’lim muassasasining 200 nafardan ortiq yoshlari o‘z ijod namunasi bilan faol qatnashdi. Hakamlar hay’ati kelib tushgan ishlarning badiiy saviyasi, dolzarbligiga e’tibor qaratdi.

Birinchi o‘ringa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti Akram Malikov munosib topildi. U “Spark” avtomobili bilan taqdirlandi. Ikkinchi o‘rin Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasiga berildi. Uchinchi o‘ringa Farg‘ona davlat universiteti magistranti Qobiljon Shermatov va Qoraqalpoq davlat universiteti tayanch doktoranti Malika Palimbetova sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi Xonzoda Jamolova (marhum), Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti “Nihol” talabalar jamoasi, Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Farhod Nizomov, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Madina Qahhorova, Urganch davlat universiteti magistranti Akbar Otaboyev tanlovning rag‘batlantiruvchi mukofotiga munosib deb topildi.

G‘oliblar diplom, statuetka, pul mukofoti va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoni sharhi ustida izlanish olib bordim, – deydi 1-o‘rin sohibi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti Akram Malikov. – Tadqiqotim Alisher Navoiy dahosiga, uning ijodiga bo‘lgan hurmat va ehtiromim ifodasidir. Navoiy asarlari millatimizning o‘zligi. U kitobxonni barkamol shaxs etib shakllantiradi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Musayev so‘zga chiqdi.

Shoirlar she’rlaridan namunalar, san’at ustalari ishtirokidagi musiqiy dastur kechaga yanada fayz bag‘ishladi. Ushbu she’riyat bayrami Adiblar xiyoboni, milliy adabiyotimiz yoshlarimiz ma’naviy hayotining ajralmas qismiga aylanib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Manba: O'zA

Поделиться