Yer kodeksining yangi tahrirda ishlab chiqilgan loyihasi Qonunchilik palatasi muhokamasida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yer kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish yakunlari”ga bag‘ishlangan tadbir videokonferens aloqa shaklida o‘tkazildi. Tadbir Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov raisligida Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi azolari, Qishloq xo‘jaligi va Adliya vazirliklarining masul xodimlari hamda Kadastr agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazildi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, bugungi kunda yerga bo‘lgan munosabat tubdan ijobiy tomonga o‘zgardi. Shu bilan birga, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, yer unumdorligini oshirib borish, uni muhofaza qilish masalalari har qachongidan ham dolzarb hisoblanadi.
2020-yil 15-oktyabr kuni Prezidentimiz huzurida o‘tkazilgan davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini tashkil etish, hududlardagi mavjud rezervlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan ma'naviy eskirgan amaldagi Yer kodeksini yangi tahrirda ishlab chiqish bo‘yicha berilgan topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Adliya, Qishloq xo‘jaligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirliklari hamda Kadastr agentligi tomonidan Yer kodeksini yangi tahrirda qabul qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Takidlanganidek, mazkur kodeks loyihasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad — yer resurslaridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari, huquqni qo‘llash amaliyotida mavjud muammolarni bartaraf etishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi 1998-yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida 20 dan ortiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan, shuning bilan birga kodeksda juda ko‘plab qonun osti hujjatlariga havolalar qilingan.
Amaliyotda yer resurslaridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida yechimini kutayotgan ayrim masalalar yerdan foydalanuvchilarning e'tirozlariga ham sabab bo‘lmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishda ochiqlik va shaffoflik ta'minlanmagan, fermer xo‘jaliklaridan tashqari boshqa tadbirkorlik sub'ektlariga yer ajratish masalasi amaldagi qonunchilikda belgilanmagan. Shuningdek, yer uchastkalari bozor aktivlari sifatida qo‘llanilmayapti hamda yerlarning miqdori, sifati va qiymat bahosini hisobga olish ta'minlanmagan.
Yer munosabatlarini tartibga solishda yer resurlaridan foydalanish huquqini garovga qo‘yish, yer hisobini yuritish, yer turlarini bir turdan boshqasiga o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarning huquqiy asoslari mavjud emas. Misol uchun, yurtimizda jami 6 140 gektarda 774 ta jamoaviy bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari tashkil etilib, yer hisobini yuritishda ushbu yer maydonlarining yer fondi toifalariga taalluqliligi va shu yer uchastkalarida barpo etilgan 36 107 ta dala-hovli bino-inshootlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish hamda ushbu bino-inshootlarda yashab kelayotgan fuqarolarni ro‘yxatga olish bilan bog‘liq muammolar hal etilmaganligini ko‘rishimiz mumkin.
Bundan tashqari past ball bonitetli yerlar, tuproq unumdorligini saqlash, tiklash va oshirish hamda undan foydalanish va muhofaza qilish ta'minlanmagan. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ball boniteti 60 balldan yuqori va o‘rta normativ hosildorligi 32 sentner bo‘lgan eng qimmatli yer maydonlari qisqargan.
Shulardan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Yer kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Kodeks loyihasi tegishli vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda viloyat hokimliklari va hattoki agroklasterlar hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning barcha fraksiyalarida qizg‘in muhokamalardan o‘tkazilib, kodeks loyihasi bo‘yicha jami 130 dan ortiq taklif va mulohazalar bildirilgan. Ushbu takliflarning 100 ga yaqini loyihada o‘z aksini topgan.
Yer kodeksining yangi tahrirda qabul qilinishi bilan yerlardan oqilona va samarali foydalanishni ta'minlash, yerlarni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash, saqlash va oshirish mexanizmini takomillashtirish hamda xo‘jalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratish, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, yerga bo‘lgan mulkchilikni ta'minlash bo‘yicha yer munosabatlarini tartibga solish imkoniyati yaratiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan vazirlik va idora rahbarlari hamda deputatlarning fikrlari asosida ushbu kodeks loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi va qonun tashabbuskori sifatida kodeks loyihasini maromiga yetkazgan holda belgilangan tartibda Qonunchilik palatasiga kiritilishi maqsadga muvofiq deb topildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi