O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Investitsiya va shaharsozlik loyihalari bilan tanishildi

2021-04-13 | Iqtisodiyot

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni Toshkent shahrida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Toshkent shahrida 2021-2023-yillarda umumiy qiymati 10,7 milliard dollarlik 1390 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va qariyb 98 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, joriy yilda jami 4,1 milliard dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan.

Birinchi chorakda poytaxtda 1,8 trillion so‘mlik 130 ta loyiha ishga tushirildi va 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. Jumladan, sanoat yo‘nalishida 55 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 63 ta, uy-joy qurilishida 12 loyiha amalga oshirildi.

Taqdimotda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Misol uchun, Mirzo Ulug‘bek tumanida yiliga 110 ming tonna metalldan quyma po‘lat, armatura, ugolnik, shveller kabi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etiladi va 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Yil yakuniga qadar qiymati 30 trillion so‘mdan ziyod 847 ta loyihani amalga oshirish va qariyb 36 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida 2021-2023-yillarda 3 milliard dollarlik  eksport rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 800 million dollardan ziyod bo‘lgan sanoat mahsulotlari, qariyb 70 million dollarlik meva-sabzavotni eksport qilish kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari rejalashtirilgan ko‘rsatkichlar bilan chegaralanmasdan, qo‘shimcha loyihalarni ko‘paytirish, eksport tarkibini diversifikatsiya qilish va hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Taqdimotda, shuningdek, Andijon shahri yaqinida qurilishi rejalashtirilgan “Yangi Andijon” turar joy massivining bosh rejasi haqida ham ma’lumot berildi.

Andijon - mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan shaharlardan. Shaharning o‘zida rivojlanish uchun bo‘sh joy yo‘q.

Umumiy maydoni qariyb 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning bosh rejasiga ko‘ra, u 1439 gektar turli qurilmalar, ya’ni uy-joy, savdo maskanlari va kichik sanoat zonasi, 1820 gektar yashil hudud, 223 gektarlik xizmat ko‘rsatish hududi va 499 gektar yo‘llardan iborat bo‘ladi.

Eng muhimi, bu massiv aholi uylari bo‘lmagan, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan bo‘sh maydonda barpo etiladi. Turar joy massivi qurilishi natijasida 411 ming nafar aholi yashashi mumkin bo‘lgan yangi shaharcha paydo bo‘ladi.

Prezident loyiha bilan tanishib, uy-joylarni puxta va sifatli loyihalashtirish, uni amalga oshirishda mahalliy mutaxassislarning salohiyatidan unumli foydalanish, unda imkon qadar ko‘proq yashil hududlar, bog‘ va xiyobonlar tashkil etilishini, aholining dam olishi va mehnat qilishi uchun qulay sharoitlarni nazarda tutish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться