O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoraqalpog‘istonda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi
2021-03-10 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari 2020-yil 2-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shundan so‘ng, mutaxassislar tomonidan har bir shahar va tumandagi imkoniyat va muammolar o‘rganilib, takliflar ishlab chiqildi. Ular asosida, o‘tgan yili 11-noyabrda Prezidentning “2020-2023-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Taqdimotda, avvalo, mazkur qaror ijrosi doirasida muhandislik va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, mahalla va ovullarda turmush sharoitlarini yaxshilash, aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.
O‘tgan yili Qoraqalpog‘istonda umumiy qiymati 436 million dollarlik 712 ta loyiha amalga oshirilib, 4 ming 300 dan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Joriy yilning yanvar'-fevral' oylarida esa 52 ta loyiha bajarilib, 300 dan ortiq kishining bandligi ta'minlangan.
Bu boradagi ishlar tizimli davom ettirilmoqda. Xususan, umumiy qiymati 887 million dollardan ziyod bo‘lgan yana 711 ta loyiha shakllantirilgan. Sohalar kesimida aytganda, ularning 201 tasi sanoat, 280 tasi xizmat ko‘rsatish, 230 tasi qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridadir. Barcha loyihalar natijasida qariyb 222 million dollarlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etish, 100 million dollarlik import o‘rnini bosish hamda 41 million dollarlik eksportni ta'minlash mumkin bo‘ladi. 22 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Qoraqalpog‘iston zamini mineral resurslarga boy. Ularni qayta ishlab, qurilish materiallari tayyorlash maqsadida 150 ta loyiha rejalashtirilgan. Natijada yiliga 1 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarilib, qo‘shimcha 3 million dollarlik eksport qilish imkoniyati yaratiladi. Masalan, Mo‘ynoq tumanida keramika va qamishdan plitalar, To‘rtko‘l tumanida oyna ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
To‘qimachilik sohasida 40 ta, farmatsevtika yo‘nalishida 16 ta korxona tashkil etish mo‘ljallangan. Bu korxonalarda 5 mingdan ortiq kishi ish bilan ta'minlanadi.
Ulardan biri – artemiya sistasini qayta ishlash bo‘yicha loyiha. Qisqichbaqasimonlar oilasiga mansub ushbu mitti jonzotdan tayyorlanadigan mahsulotlar tibbiyot, farmasevtika, kosmetologiya, qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalarda foydalaniladi. Shu bois 30 million dollar evaziga korxona tashkil etib, yiliga 3 ming 500 tonna artemiya sistasini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Uning eksport quvvati 30 million dollar bo‘lishi mo‘ljallangan. Bu yerda 500 ta doimiy, 2 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.
Qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlash bo‘yicha yana 13 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning samarasida qizilmiya mahsulotlari eksporti miqdorini hozirgi 29 million dollardan 62 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Qoraqalpog‘istonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi imkoniyatlari ham juda keng. Masalan, chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik bo‘yicha 117 ta loyiha ishlab chiqilgan. Ularning samarasida 7 mingga yaqin kishining bandligi ta'minlanadi. Ahamiyatlisi, ushbu loyihalarning 24 tasi go‘sht, sut va terini qayta ishlash, omuxta yem ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan.
Davlatimiz rahbari xorijiy tajribani tatbiq etgan holda, naslli chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish zarurligini ta'kidladi. Resurslarni to‘la ishga solib, qayta ishlashni chuqurlashtirish, aholiga doimiy daromad manbai yaratish chora-tadbirlari yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti